Jizzaxda ikki nafar “Damas” haydovchisi tomonidan har bir avtomobilda 28 nafardan, jami 56 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisi tashilgani aniqlandi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXX) ma’lum qildi.
Jizzaxda ikki nafar “Damas” haydovchisi tomonidan transport vositasining belgilangan sig‘imidan ortiq bog‘cha bolalarini tashish holati aniqlandi. Har bir avtomobilda 28 nafardan, jami 56 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisi olib ketilayotgan bo‘lgan.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan holat yuzasidan haydovchilar, ta’lim muassasasi mas’ullari va ota-onalarga yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish, bolalar hayotini xavf ostiga qo‘ymaslik zarurligi tushuntirilgan.
Bu sentyabr oyida bog‘cha tarbiyalanuvchilarini “Damas” avtomobillarida me’yoridan ortiq tashish bilan bog‘liq tahririyatda YHXX va IIBning rasmiy ma’lumotlari asosida e’lon qilingan shu mazmundagi uchinchi xabar bo‘ldi.
Xususan, 8-sentyabr kuni Toshkent shahrining Yashnobod tumanida “Damas” avtomobilida 25 nafar bog‘cha bolasi tashilayotgani aniqlangan. Tekshiruvda haydovchi avval mast holda avtomobil boshqargani uchun sud qarori bilan haydovchilik huquqidan mahrum qilingani ham ma’lum bo‘lgan.
21-sentyabr kuni esa Sirdaryoning Guliston tumanida “Damas”da 16 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisi olib ketilayotgani aniqlangan. Haydovchiga BHMning ikki baravari miqdorida jarima belgilangan.
Bundan oldin ham O‘zbekistonda bog‘cha bolalarini “Damas” va boshqa kam sig‘imli avtomobillarda belgilangan me’yordan ortiq tashish bilan bog‘liq ko‘plab holatlar aniqlangan.
YHXX haydovchilar, ta’lim muassasalari mas’ullari va ota-onalarni yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishga, bolalar xavfsizligini ta’minlashga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida Navoiy viloyatining Nurota tumanida oilaviy bog‘cha tarbiyalanuvchilari ishtirokida og‘ir YTH sodir bo‘lgan edi. 13 nafar bolani Matiz avtomobilida bog‘chaga olib ketayotgan ayol boshqaruvni yo‘qotib, halokatga uchragan. Natijada haydovchi vafot etgan, bolalardan biri koma holatiga tushgan.
