Prezidentning tegishli farmoni bilan 2024-2025-oʻquv yilidan boshlab taʼlim kreditini talabaning oʻzlashtirish koʻrsatkichiga qarab ajratish belgilangan. Bunda ayrim talabalar kontraktning 100 foiz miqdorida, ayrimlarga esa 80 foizida kredit olishi mumkin.
Prezidentning 2024-yil 27-maydagi PF–82-son Farmoniga muvofiq “Oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida taʼlim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan edi.
Unga koʻra, taʼlim krediti oliy va professional taʼlim tashkilotlarida kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan talaba va oʻquvchilarga ularning oʻzlashtirish koʻrsatkichidan kelib chiqib ajratiladi.
Ikkinchi va undan yuqori bosqich talabalari uchun taʼlim krediti miqdori fanlarni oʻzlashtirishning oʻrtacha koʻrsatkichiga qarab belgilanadi. Bunda talabaning oʻrtacha oʻzlashtirish koʻrsatkichi “3” va undan yuqori boʻlsa, taʼlim krediti toʻlov-kontrakt summasining 100 foiz miqdorida ajratiladi.
Agar talabaning oʻzlashtirish koʻrsatkichi “3” dan past boʻlsa, kontrakt summasining koʻpi bilan 80 foizi miqdorida taʼlim krediti olishi mumkin. Shuningdek, taʼlim kredit ajratilishidan oldin kontrakt summasining dastlabki 20 foizi talaba tomonidan toʻlanishi kerak.
Eslatma! Birinchi bosqich talabalariga birinchi oʻquv yili uchun kontraktning 100 foiz miqdorida taʼlim krediti ajratiladi.
Bundan tashqari, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalarning taʼlim olayotgan aʼzolarining oʻzlashtirish darajasi “3” dan past boʻlgan taqdirda ham taʼlim krediti toʻlov-kontrakt summasi miqdorida ajratiladi.
Muhim! Ta’lim kreditini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz orqali olish mumkin.
