Dunyoning 110 mamlakatidan ikki mingdan ortiq oliy ta’lim tashkiloti qatnashgan “UI GreenMetric 2026” reytingida O‘zbekistonning 89 ta OTM joy egalladi. Reytingda mamlakatning TOP-10 oliygohi yuqori natijalarni qayd etgan.
“UI GreenMetric World University Rankings 2026” xalqaro reytingining natijalari e’lon qilindi. Unda dunyoning 110 mamlakatidan 2 016 ta oliy ta’lim tashkiloti ishtirok etgan.
O‘zbekistonning 89 ta oliy ta’lim tashkiloti ham joriy yilgi reytingdan o‘rin oldi.
UI GreenMetric World University Rankings — oliy taʼlim muassasalarining barqaror rivojlanish va ekologik masʼuliyat sohasidagi faoliyatini baholaydigan xalqaro reytinglardan biri.
Reytingda universitetlarning nafaqat taʼlim va ilmiy-tadqiqot faoliyati, balki barqaror kampus infratuzilmasi, energiyadan samarali foydalanish va iqlim oʻzgarishiga qarshi choralar, chiqindilarni boshqarish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, ekologik transport, taʼlim va tadqiqotlar, shuningdek, boshqaruv va raqamlashtirish sohalaridagi koʻrsatkichlari kompleks baholanadi.
2026-yilgi reytingning asosiy mavzusi “Boshqaruv, raqamlashtirish va integratsiyalashgan natijadorlik orqali barqaror kampuslarni rivojlantirish” deb belgilangan.
O‘zbekistonning reytingdagi TOP-10 oliygohi
Reytingda O‘zbekiston oliy ta’lim tashkilotlari orasida eng yuqori natijani Toshkent davlat yuridik universiteti qayd etdi. U dunyo reytingida 132-o‘rinni egallagan.
O‘zbekiston oliygohlarining reytingdagi o‘rinlari quyidagicha:
- Toshkent davlat yuridik universiteti — 132-o‘rin;
- Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti — 314-o‘rin;
- Qarshi davlat universiteti — 327-o‘rin;
- Andijon davlat texnika instituti — 367-o‘rin;
- Farg‘ona davlat universiteti — 368-o‘rin;
- Toshkent davlat transport universiteti — 388-o‘rin;
- Buxoro davlat universiteti — 396-o‘rin;
- Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti — 405-o‘rin;
- Samarqand davlat universiteti — 485-o‘rin;
- Termiz iqtisodiyot va servis universiteti — 486-o‘rin.
Shu tariqa, O‘zbekistondan reytingda ishtirok etgan 89 ta oliy ta’lim tashkiloti orasida mazkur 10 ta oliygoh eng yuqori natijalarni qayd etgan.
“UI GreenMetric” reytingi oliy taʼlim tashkilotlarining barqaror rivojlanish, ekologik masʼuliyat va barqaror kampus muhitini shakllantirish borasidagi faoliyatini baholaydi.
Avvalroq, 2026-yil 25-mart kuni fanlar bo‘yicha xalqaro reyting – “QS World University Rankings by Subject – 2026” natijalarida O‘zbekistonning 7 ta oliygohi dunyoning top-1000 universitetlari ro‘yxatidan joy olgani haqida xabar berilgandi.
