2026-yilning birinchi yarim yilligida ta’lim tizimida qator natijalarga erishilgani ma’lum qilindi. Unda ta’lim sohasiga hissa qo‘shgan 1 500 nafar o‘qituvchiga 120 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanalida ma’lumot berildi.
Oliy Majlis Qonunchilik Fan, taʼlim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida vazirlik va idoralarning 2026-yilning birinchi yarim yilligida davlat budjeti mablag‘laridan foydalanishi yuzasidan hisobotlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tizimidagi xarajatlar hamda erishilgan natijalar muhokama qilingan.
2026-yilning dastlabki yarmida maktabgacha ta’lim sohasida 700 ta yangi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etilgan.
Qayd etilishicha, ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat budjetidan 2 trillion 75,9 milliard so‘m subsidiya ajratilgan. Natijada maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 78 foizda saqlab qolingan.
O‘qituvchilarning 76,4 foizi sertifikatga ega
Umumiy o‘rta ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan mahalliy o‘qituvchilarning 76,4 foizi milliy va xalqaro sertifikatlarga ega ekani ta’kidlangan.
Shuningdek, ta’lim sohasiga qo‘shgan hissasi uchun 1 500 nafar o‘qituvchiga 120 milliard so‘m mablag‘ ajratilgani ma’lum qilindi.
Bundan tashqari, Prezident ijod maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablarning 226 nafar bitiruvchisi dunyoning TOP-300 reytingidan joy olgan nufuzli oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan.
Yig‘ilishda madaniyat va turizm sohalaridagi budjet mablag‘larining o‘zlashtirilishi ham tahlil qilingan.
Xususan, Madaniyat vazirligi tizimiga 2026-yilning birinchi yarim yilligida respublika budjetidan 854,9 milliard so‘m ajratilgan bo‘lib, uning 95 foizi o‘zlashtirilgan. Jumladan, Kinematografiya agentligiga ajratilgan mablag‘lar deyarli to‘liq sarflangan.
Turizm qo‘mitasida esa daromadlar prognozi 90,6 foizga, xarajatlar ijrosi esa 81,6 foizga ta’minlangan.
Avvalroq, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun milliy sertifikat va ustama berish tizimi joriy etilishi haqida xabar bergan edik.
