Meksikaning eng yirik va nufuzli oliy ta’lim muassasasi — Meksika Milliy avtonom universiteti kirish imtihonlarida ommaviy ko‘chirish holatlari kuzatilgan bo‘lishi mumkinligi sababli qariyb 58 ming abituriyent imtihonni qayta topshirishini ma’lum qildi.
Meksika Milliy avtonom universiteti (UNAM) ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilgi kirish imtihonlari ilk bor to‘liq masofaviy, ya’ni onlayn shaklda tashkil etilgan. Biroq imtihon natijalari odatdagidan keskin yuqori bo‘lgani sababli qariyb 58 ming nafar abituriyent qayta nazorat imtihonini topshirishi belgilandi.
Universitet rektori Leonardo Lomelining aytishicha, ta’lim muassasasi yo‘l qo‘yilgan xatolarni tan oladi va ularni bartaraf etish choralarini ko‘rmoqda.
UNAM — ilm-fan va tafakkur maskani sifatida o‘z xatolarini tan oladi va ularni tuzatishni biladi. Biz mas’uliyatdan qochmaymiz va vaziyatga munosib choralar ko‘ryapmiz, — dedi u.
Qayd etilishicha, joriy yil yozida universitet kirish imtihonlarida qariyb 160 ming nafar abituriyent ishtirok etgan. Imtihon davomida nomzodlarni nazorat qilish uchun sun’iy intellekt asosidagi kuzatuv tizimi qo‘llanilgan. U ovoz va yuzni tanish texnologiyalari orqali ko‘chirish holatlarining oldini olishi kerak edi.
Ammo yakuniy natijalar tizim kutilganidek ishlamaganini ko‘rsatgan.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2021–2025-yillarda abituriyentlarning atigi 3,5 foizi 120 balldan 100 va undan yuqori natija qayd etgan bo‘lsa, bu yil bu ko‘rsatkich 16 foizga yetgan. Xususan, 110 va undan yuqori ball olganlar ulushi 0,9 foizdan 5,5 foizga oshgan.
Eng raqobatli yo‘nalishlardan biri bo‘lgan tibbiyot mutaxassisligiga hujjat topshirganlarning qariyb 30 foizi 100 va undan yuqori ball to‘plagan. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 9 foizni tashkil etgan.
Mazkur holat Meksikada katta shov-shuvni keltirib chiqargan. Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum agar qonunbuzarlik sodir etilgani aniqlansa, masala Bosh prokuratura tomonidan ham ko‘rib chiqilishi mumkinligini ta’kidlagan.
Qayta imtihon topshirish qaroridan norozi bo‘lgan yuzlab abituriyentlar Meksika shahrida norozilik namoyishi o‘tkazib, poytaxt janubidagi yirik ko‘chalardan ayrimlarini to‘sib qo‘ygan.
Universitet rektori esa to‘g‘ri yo‘l bilan imtihondan o‘tgan, ammo qayta sinov topshirishga majbur bo‘layotgan abituriyentlardan uzr so‘ragan.
To‘g‘ri yo‘l bilan qabul qilingan bo‘lsa-da, qayta nazorat imtihonini topshirishga chaqirilayotgan barcha abituriyentlardan uzr so‘rayman. Biroq qabul jarayonining shaffofligi va adolatliligini ta’minlash zarur, — dedi Leonardo Lomeli.
Universitet bu yil ilk bor kirish imtihonini onlayn shaklda o‘tkazishga qaror qilganining asosiy sababi mamlakatning turli hududlaridagi abituriyentlarni yuzlab kilometr yo‘l bosib Meksika shahriga kelish zaruratidan xalos etish bo‘lgan.
Meksika Milliy avtonom universiteti (UNAM)ga kirish Meksikadagi eng raqobatli tanlovlardan biri hisoblanadi. Bu yil 150 mingdan ortiq abituriyent atigi 21 962 ta o‘rin uchun kurashgan.
Natijalar e’lon qilinishidan oldin universitet 3 174 ta test natijasini (umumiy imtihonlarning 2 foizi) shaxsni boshqa birov nomidan ko‘rsatish, tashqi yordamdan foydalanish hamda sun’iy intellektdan noqonuniy foydalanish alomatlari aniqlangani sababli bekor qilgan.
“The New York Times” nashriga izoh bergan texnik ekspertlardan birining fikricha, 75 mingga yaqin testda turli darajadagi qoidabuzarlik bo‘lishi mumkin. Uning ta’kidlashicha, bunda nafaqat sun’iy intellektdan foydalanish, balki imtihon savollarining internetda sizdirilishi va hatto sotilgani ham muhim rol o‘ynagan. Imtihon boshlanishidan oldin ko‘chirish usullari bo‘yicha tavsiyalar ham internet orqali keng tarqalgan.
UNAM iyul oyida aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan jinoiy shikoyat kiritganini ma’lum qilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar abituriyentlar va ularning oilalariga noqonuniy xizmatlar taklif qilgan shaxslar hamda kompaniyalar faoliyatini tekshiradi.
Mazkur mojaro sabab universitet qabul jarayonini vaqtincha to‘xtatgan bo‘lib, 158 712 nafar abituriyentning taqdiri bo‘yicha qaror qabul qilish uchun maxsus texnik komissiya tuzgan. Universitetning 115 yillik zamonaviy tarixida bunday holat ilk bor kuzatilmoqda.
Shuningdek, universitet yangi talabalar uchun o‘quv yili avval rejalashtirilgan 10-avgust emas, balki 31-avgust kuni boshlanishini ma’lum qildi.
