Toshkent shahrida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kiritish va o‘qishni noqonuniy ko‘chirishni va’da qilib fuqarolardan yirik miqdorda pul olgan shaxslar qo‘lga olindi. Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabariga ko‘ra, Toshkent shahar Chilonzor tumani bo‘limi Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar vazirligi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbir o‘tkazildi. Unda fuqaro boshqa bir shaxsni Toshkent davlat transport universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, buning evaziga 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, departamentning Toshkent shahar boshqarmasi Ijtimoiy sohada korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘linmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda Toshkent davlat texnika universiteti dotsenti va bir fuqaro o‘zaro til biriktirib, firibgarlik sodir etganlikda gumonlanib qo‘lga olindi.
Ma’lum qilinishicha, ular fuqarolarni go‘yoki Qozog‘iston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasasida o‘qiganligi to‘g‘risida hujjatlar tayyorlab, ularni Toshkent davlat texnika universitetining 4-bosqichiga o‘qishini ko‘chirib berishni va’da qilgan. Buning evaziga har biridan 6 ming AQSH dollari, shuningdek, chet tili bo‘yicha B1 sertifikatini “to‘g‘rilab berish” uchun yana 2 ming AQSH dollari talab qilgan.
Gumonlanuvchilar fuqarolardan jami 14 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan jinoiyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq, talabani oʻqishga qayta tiklash uchun pora soʻragan texnikum dekani ushlangani haqida xabar berilgandi.
