Nodavlat OTMlar oʻrtasidagi transferda hamon uzrli sabab soʻralmoqda

Nodavlat OTMlar oʻrtasidagi transferda hamon uzrli sabab soʻralmoqda

Bugun oʻqishni koʻchirish boʻyicha arizalar qabul qilishning soʻnggi kuni hisoblanadi. Avvalroq nodavlat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi transfer talablari yengillashtirilishi kutilayotgani boʻyicha xabarlar tarqalgan boʻlsada, transfer.edu.uz portalida hozircha 2 ta uzurli sabab soʻralmoqda.

 

Bugun, 5-avgust oʻqishni koʻchirish boʻyicha ariza topshirishning soʻnggi kuni hisoblanadi.

 

Shunga qaramay, transfer.edu.uz portalidan foydalanayotgan ayrim talabalar nodavlat oliy taʼlim muassasasidan boshqa nodavlat OTMga oʻqishni koʻchirish uchun murojaat qilganda ham uzrli sabab koʻrsatish talabi saqlanib qolayotganini bildirmoqda.

 

Amaldagi tartib Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-iyundagi 403-son qarori bilan belgilangan. Unga koʻra, nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari talabalarining oʻqishini koʻchirib oʻtkazish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish davlat oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan talablar asosida amalga oshiriladi.

 

Shunga muvofiq:

 

  • davlat OTMidan nodavlat OTMga oʻqishni koʻchirishda ham uzrli sabab talab etiladi;
  • nodavlat OTMdan boshqa nodavlat OTMga oʻtishda ham ayni shu talab amal qiladi;
  • xorijdagi OTMdan nodavlat OTMga oʻqishni koʻchirish test sinovlari asosida amalga oshiriladi.

 

Hozirda portalda uzrli sabab sifatida faqat quyidagi ikki holat mavjud:

 

— oila qurish munosabati bilan turmush oʻrtogʻi doimiy yashaydigan hududdagi oliy taʼlim muassasasiga oʻqishni koʻchirish;

 

— davlat organi xodimining ish joyi oʻzgarganligi sababli tegishli tavsiya asosida davlat xizmatchisining turmush oʻrtogʻi yoki voyaga yetmagan farzandining oʻqishini koʻchirish.

 

Avvalroq, nodavlat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida, shuningdek davlat OTMdan nodavlat OTMga oʻqishni koʻchirish tartibini soddalashtirish boʻyicha oʻzgartirishlar tayyorlanayotgani haqida xabar berilgan edi.

 

Kutilayotgan oʻzgarishlarga koʻra, nodavlat oliy taʼlim muassasalariga talabalarni qabul qilish boʻyicha koʻproq mustaqillik berilishi, uzrli sabab talabi bekor qilinishi rejalashtirilayotgani aytilgandi.

 

Biroq bugungi kunga qadar mazkur masala yuzasidan kutilayotgan oʻzgarishlar boʻyicha rasmiy yangilik eʼlon qilinmadi. Talimxabarlari.uz mazkur masala yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan bog‘landi, biroq ushbu masala yuzasidan aniq javob taqdim etilmadi.

 

Shu bois, ayni paytda transfer.edu.uz portalida amaldagi tartib saqlanib qolmoqda va nodavlat OTMlar oʻrtasidagi transfer uchun ham yuqoridagi ikki uzrli sababdan birini tanlash talab etilmoqda. Eslatib oʻtamiz, oʻqishni koʻchirish boʻyicha arizalar qabuli bugun, 5-avgust kuni yakunlanadi.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish