Amerikada 18 yoshli Natan Tomas Mayami universitetida professor bo‘lib Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi. Hozirda u tengdoshlariga dars berish bilan birga huquqshunoslik bo‘yicha doktorlikda tahsil olmoqda.
AQShda 18 yoshli Natan Tomas tarixdagi eng yosh professor sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi. Bu haqda Ginnesning rekordlar kitobi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Natan muhandislar oilasida tug‘ilgan bo‘lib, bolaligidan matematika, texnologiya va muhandislik fanlariga qiziqish bildirgan. U 10 yoshida Mayami-Deyd kollejida tahsil olishni boshlagan, 14 yoshida esa Florida xalqaro universitetiga o‘qishga qabul qilingan.
2023-yilda, 18 yoshida u elektrotexnika yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr va magistr darajalarini a’lo natijalar bilan tamomlagan. Shu yilning o‘zida oliy ta’lim muassasasida dars bera boshlab, tarixdagi eng yosh professor sifatida Ginnes rekordini o‘rnatdi.
Natijada u 1746-yilda vafot etgan va 19 yoshida professor bo‘lgan shotlandiyalik olim Kolin Maklorenga tegishli rekordni yangilagan.
Bu yerda hammaning maqsadi bir xil — bilim olish. Yosh aslida ahamiyatga ega emas. Men faqat o‘z ishimni yaxshi bajarish va talabalarimga imkon qadar ko‘proq yordam berishga harakat qilaman, — deydi Natan Tomas.
Hozirda 21 yoshga to‘lgan Natan professorlik faoliyati bilan bir qatorda Mayami universitetida huquqshunoslik bo‘yicha doktoranturada tahsil olmoqda. Kelajakda u fan, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM) sohasidagi intellektual mulk huquqi yo‘nalishida faoliyat yuritishni rejalashtirmoqda.
Bo‘sh vaqtida u basketbol, tennis va golf bilan shug‘ullanadi, pianino chaladi hamda musiqa tinglashni yoqtiradi.
Avvalroq, 12 yoshida magistr diplomini qo‘lga kiritgan meksikalik qizning IQ darajasi Eynshteyn va Xokingnikidan yuqori chiqqani haqida xabar bergan edik.

