3- va 4-kurs talabalari uchun pedagogik vakant lavozimlarga ariza topshirish yanada soddalashtirildi. Endilikda ular “Pedagog” platformasi orqali diplom nusxasini yuklamasdan ishga qabul uchun hujjat topshirishi mumkin.
Oliy taʼlim muassasalarining 3- va 4-kurs talabalari uchun “Pedagog” platformasida yangi qulaylik joriy etildi. Endilikda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi yangi tashkil etilayotgan maktablardagi vakant lavozimlarga ariza yuborishda diplom nusxasini yuklash talab etilmaydi.
Ariza topshirish jarayonida “Diplomlar” bosqichiga oʻtilganda tizim talabaning maqomini avtomatik aniqlaydi va maxsus ruxsat oynasini taqdim etadi. Shundan soʻng talabalar hech qanday hujjat yuklamasdan “Keyingisi” tugmasini bosib, ariza topshirish jarayonini davom ettirishlari mumkin.
Mazkur yangilik bitiruv arafasidagi talabalar uchun vakant pedagogik lavozimlarga hujjat topshirish jarayonini yanada sodda va qulay qilishga qaratilgan.
Avvalroq, “Vazir jamgʻarmasi” tanlovi bo‘yicha pedagoglar yakuniy ballari va reytingdagi o‘rni bilan pedagog.uzedu.uz platformasidagi shaxsiy kabineti orqali tanishishlari mumkinligi haqida xabar bergan beduk.

