Toshkent viloyatida soxta hujjat asosida o‘qishni O‘zbekiston oliygohiga ko‘chirib berishni va’da qilgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. U Qirg‘izistondagi OTMda tahsil olganlik haqidagi qalbaki hujjatni rasmiylashtirib berish evaziga 3 800 AQSH dollarini olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Mazkur holat DXX Toshkent viloyati boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan joriy yilning 17-iyul kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida aniqlangan.
Aniqlanishicha, O‘rta Chirchiq tumani Bolalar va o‘smirlar sport maktabi xodimi, 1982-yilda tug‘ilgan U.S. tanishlari orqali Qirg‘izistondagi oliy ta’lim muassasalaridan birida tahsil olganlik haqida soxta hujjat tayyorlab berish hamda keyinchalik ushbu hujjat asosida o‘qishni Chirchiq davlat pedagogika universitetining 5-bosqich sirtqi ta’lim shakliga ko‘chirib berishni va’da qilgan.
U xizmati evaziga fuqarodan 3 800 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Avvalroq, Surxondaryoda bog‘cha mudirasi 14 mln so‘m pora olayotganda qo‘lga olingan edi.

