Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasi xizmat mavqeidan foydalangan holda tadbirkordan 14 mln so‘m pora talab qilgani aytilmoqda. Gumonlanuvchi pulni olayotgan vaqtida tezkor tadbir davomida qo‘lga olingan.
Ma’lum qilinishicha, Surxondaryo viloyati IIBga davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga shartnoma asosida yetkazib berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari qabul qilinganini tasdiqlovchi hisobot hujjatlariga imzo va muhr qo’yib berish evaziga noqonuniy pul talab qilinayotgani yuzasidan murojaat kelib tushgan.
Mazkur murojaat asosida joriy yilning 20-iyul kuni Surxondaryo viloyati IIB Tezkor-qidiruv xizmati Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining korrupsiyaviy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Jarqo‘rg‘on tumani bo‘limi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tergovga qadar tekshiruv materiallariga ko‘ra, gumonlanuvchi o‘zi rahbarlik qilayotgan hamda yana bir davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga shartnoma asosida oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beruvchi MChJ vakilidan mahsulotlar to‘liq qabul qilinganini tasdiqlovchi har o‘n kunlik hisobotlarga imzo va muhr qo‘yib berish evaziga har bir bog‘cha uchun 7 mln so‘mdan, jami 14 mln so‘m talab qilgan.
Gumonlanuvchi ushbu pul mablag‘larini olayotgan vaqtida tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchi va boshqa shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi ikkinchi qismining ‘‘v’’ va ‘‘g’’ bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq, Surxondaryoda ixtisoslashtirilgan maktab-internati direktoriishga qabul qilish evaziga 1 ming AQSH dollari olganlikda aybdor deb topilgani haqida xabar bergan edik. Sud unga 4 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinlagan.
