Hukumat ta’lim va sport yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkaziladigan fan olimpiadalari hamda sport musobaqalari g‘oliblarini “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat” yo‘llanmalari bilan rag‘batlantirish tartibini tasdiqladi. Unga ko‘ra, respublika bosqichi g‘oliblari 3 kunlik, viloyat bosqichi g‘oliblari esa 2 kunlik bepul sayohat yo‘llanmasiga ega bo‘ladi.
Hukumat 2026-yil 24-iyuldagi 406-sonli qarori bilan “Ta’lim va sport yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkaziladigan fan olimpiadasi va sport musobaqasi g‘oliblarini “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat” yo‘llanmasini taqdim etish orqali rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Ushbu nizom respublika va viloyat darajasida ta’lim va sport yo‘nalishlari bo‘yicha fan olimpiadasi va sport musobaqasi g‘oliblarini “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat” yo‘llanmasini taqdim etish orqali rag‘batlantirish tartibini belgilaydi.
Nizomga ko‘ra, ta’lim va sport yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkaziladigan fan olimpiadasi va sport musobaqasi g‘oliblariga quyidagi yo‘llanmalar taqdim etiladi:
– respublika darajasida – respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan o‘quvchi-yoshlarga O‘zbekiston hududidagi turistik obyektlarga 3 kunlik sayohat;
– viloyat darajasida – hududiy bosqichda g‘olib bo‘lgan o‘quvchi-yoshlarga boshqa viloyat hududidagi turistik obyektlarga 2 kunlik sayohat.
Tashkilotchi tomonidan sayohat tadbirlari tashkil etilishidan 10 kun oldin yo‘llanmaga ega bo‘lgan shaxslar tadbir tashkil etiladigan kun va joy to‘g‘risida xabardor qilinadi.
Tashkilotchilar tomonidan har yili sayohat xarajatlariga quyidagilar bilan bog‘liq xarajatlar kiritiladi:
– transport xizmati;
– yashash va ovqatlantirish;
– ekskursiyalar (gid xizmati va turizm obyektlariga kirish chiptasi);
– sayohat sug‘urtasi.
Avvalroq, qaysi olimpiada ishtirokchilari oliy ta’lim muassasalariga imtihonsiz qabul qilinishi haqida xabar bergan edik.
