Surxondaryoda maktab direktori 4 yil 6 oyga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi

Surxondaryoda maktab direktori 4 yil 6 oyga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi

Surxondaryoda ixtisoslashtirilgan maktab-internati direktoriishga qabul qilish evaziga 1 ming AQSH dollari olganlikda aybdor deb topildi. Sud unga 4 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinlagan.

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sho‘rchi tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan jinoyat ishida 122-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internati direktori B.H. pora olishda aybdor deb topilgan.

 

Sud hukmida keltirilishicha, maktab-internatda logoped lavozimi bo‘shagach, direktor ushbu lavozimga ishga joylashmoqchi bo‘lgan fuqaro S.B.dan uni ishga qabul qilish evaziga 1 ming AQSH dollari talab qilgan. Nomzod kerakli hujjatlarni rasmiylashtirganidan so‘ng 2026-yil yanvar oyida logoped lavozimiga ishga qabul qilingan.

 

Biroq sud materiallariga ko‘ra, lavozimga tayinlanganidan keyin ham direktor kelishilgan pulni berishni bir necha bor eslatgan. Fuqaro S.B. esa o‘sha vaqtda uyini ta’mirlash ishlari bilan bandligi va moddiy imkoniyati cheklangani sababli pulni keyinroq berishini bildirgan. Shunga qaramay, direktor pulni tezroq topshirishni talab qilishda davom etgan.

 

Shundan so‘ng S.B. huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. Uning arizasi asosida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Sud hujjatlariga ko‘ra, pora sifatida olingan pullarning 500 AQSH dollari direktorning xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari I.H. orqali qaytarilgan paytda tezkor tadbir o‘tkazilib, mablag‘ protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

 

Surxondaryoda maktab direktori 4 yil 6 oyga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi

 

Sud jarayonida fuqaro S.B., maktab direktorining o‘rinbosarlari, kadrlar bo‘yicha mas’ul xodim va boshqa guvohlarning ko‘rsatmalari tinglangan. Shuningdek, tezkor tadbir bayonnomalari, telefon suhbatlari yozuvlari, ishga qabul qilish bo‘yicha hujjatlar, ekspertiza xulosalari hamda boshqa dalillar tekshirilgan.

 

Hukmda qayd etilishicha, dastlab B.H.ga Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan ayblov qo‘yilgan. Biroq sud barcha dalillarni baholagan holda uning harakatlarini Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismiga qayta malakalagan. Sud bunga ish materiallarida pora talab qilish oqibatida fuqaroning qonuniy manfaatlariga zarar yetkazish xavfi mavjudligini tasdiqlovchi yetarli dalillar aniqlanmaganini asos qilib ko‘rsatgan.

 

Sud jazo tayinlashda ayblanuvchining muqaddam sudlanmagani, oilali ekani, ikki nafar farzandi borligi, qilmishidan pushaymon bo‘lgani va boshqa yengillashtiruvchi holatlarni inobatga olgan.

 

Natijada B.H. Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilib, 4 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi. Shuningdek, u ikki yil muddatga ijtimoiy himoya tizimidagi mansabdor va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum etildi.

 

Sud hukmiga ko‘ra, mahkum ozodlikni cheklash jazosi davomida Surxondaryo viloyati hududini tark eta olmaydi, yashash joyini nazorat qiluvchi organning ruxsatisiz o‘zgartirishi mumkin emas hamda har kuni soat 22:00 dan 06:00 gacha yashash joyidan chiqishi taqiqlanadi. Uning xulqi ustidan nazorat probatsiya organlariga yuklatilgan.

 

Bundan tashqari, sud avval qo‘llangan garov ehtiyot chorasini bekor qilib, garov tariqasida kiritilgan 61 million 800 ming so‘mni egasiga qaytarish, tezkor tadbir davomida olingan 1 ming AQSH dollarini esa davlat foydasiga o‘tkazish haqida qaror chiqargan.

 

Avvalroq, o‘quvchilarni maktabga ko‘chirish va bog‘cha subsidiyasi evaziga pora olgan shaxslar qo‘lga olingani haqida xabar bergan edik.