O‘quvchilarni maktabga ko‘chirish va bog‘cha subsidiyasi evaziga pora olgan shaxslar qo‘lga olindi

O‘quvchilarni maktabga ko‘chirish va bog‘cha subsidiyasi evaziga pora olgan shaxslar qo‘lga olindi

Toshkent shahrida o‘quvchini boshqa maktabga ko‘chirib berish va davlat-xususiy sheriklik asosidagi bog‘chalarga subsidiya olishda noqonuniy yordam va’da qilgan shaxslar qo‘lga olindi. Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida ta’lim sohasi bilan bog‘liq bir nechta korrupsion holatlar aniqlandi.

 

Jumladan, Departamentning Shayxontohur tuman bo‘limi xodimlari boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda fuqaro boshqa bir shaxsning voyaga yetmagan ikki nafar farzandini o‘zi ishlayotgan Respublika ixtisoslashtirilgan rassomchilik maktabiga o‘qishga ko‘chirib berish evaziga 1 ming AQSH dollari talab qilgani aniqlangan. U pora sifatida 12 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

 

Yana bir tezkor tadbirda fuqaro boshqa bir shaxsning qizini Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi 14-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabidan Toshkent viloyati Olmaliq shahridagi 18-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabiga o‘qishini ko‘chirib berishni va’da qilgan. U bu xizmat evaziga fuqarodan pora berishga dalolat qilib, undan 4 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida qo‘lga olingan.

 

Shuningdek, Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi ijtimoiy sohada korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari Davlat xavfsizlik xizmati hamda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tadbirda yana bir korrupsion holat fosh etilgan.

 

Unda fuqarolar davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat yuritayotgan maktabgacha ta’lim muassasasida mavjud bo‘lmagan tarbiyalanuvchilar sonini sun’iy ravishda oshirib ko‘rsatish orqali subsidiya olish imkonini beruvchi dastur o‘rnatib berish uchun 10 ming AQSH dollari, shuningdek, bog‘chaning litsenziya muddatini Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligidagi go‘yoki yuqori lavozimli tanishlari orqali uzaytirib berish evaziga yana 300 AQSH dollari talab qilgan. Ayblanuvchi shaxslar 10 ming 300 AQSH dollarini olgan vaqtida qo‘lga olingan.

 

Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilingan.