2026/2027-o‘quv yili uchun harbiy-akademik litseylar, IIV akademik litseylari hamda davlat OTMlari huzuridagi akademik litseylarga kirish test sinovlari 24–25-iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. Test sinovlari kuniga ikki smenada tashkil etiladi.
Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qilishicha, 2026/2027-o‘quv yili uchun Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Milliy gvardiya tasarrufidagi «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseylari, Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy-akademik litsey, “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyi, Ichki ishlar vazirligining akademik litseylari va davlat oliy ta’lim muassasalari huzuridagi akademik litseylarga kirish test sinovlari 24 va 25-iyul kunlari o‘tkaziladi.
Test sinovlari har kuni 2 smenada tashkil etiladi. 1-smena soat 09:00 da, 2-smena esa 15:00 da boshlanadi. Abituriyentlardan test sinovi boshlanishidan kamida 1,5 soat oldin belgilangan hududga yetib kelish so‘ralmoqda.
Test sinovlarida ishtirok etish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarga “Abituriyent ruxsatnomasi” my.edu.uz platformasi orqali taqdim etilmoqda. Abituriyentlarga ruxsatnomani yuklab olib, chop etib qo‘yishlari kerak.
Har bir abituriyent ruxsatnomada ko‘rsatilgan manzil, sana va smenaga qat’iy amal qilishi lozim. Boshqa hudud, kun yoki smenada test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat berilmaydi.
Shuningdek, abituriyentlar test sinoviga shaxsini tasdiqlovchi hujjat (ID-karta yoki tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma) hamda abituriyent ruxsatnomasi bilan belgilangan vaqtdan kechikmagan holda kelishlari kerak.
Eslatma: shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxasi yoki boshqa hujjatlar bilan kelgan, shuningdek, kechikib kelgan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi!
