Minimal o‘tish bali nima va u qachon belgilanadi?

Minimal o‘tish bali nima va u qachon belgilanadi?

Har yili minglab abituriyentlar o‘z yo‘nalishi uchun belgilangan kvotaga kirgan bo‘lsa ham talabalikdan quruq qoladi. Bunga yagona sabab minimal o‘tish bali hisoblanadi. Qabul jarayonlarining eng muhim mezonlaridan biri hisoblangan minimal o‘tish ballari qachon va qanday tartibda belgilanadi?

 

Minimal o‘tish bali bu – abituriyentning o‘qishga qabul qilinishi uchun yig‘ishi shart bo‘lgan eng past ball. Ya‘ni, abituriyent natijasi bilan belgilangan kvotada turgan bo‘lsa ham, agar minimal ball va undan yuqori natijani qayd etmagan bo‘lsa, u talabalikka tavsiya etilmaydi. Minimal o‘tish bali kontrakt va grant uchuna alohida belgilanadi.

 

Masalan, «Xalqaro jurnalistika» yo‘nalishiga jami 24 ta kvota ajratilgan bo‘lib, abituriyent 56,7  balldan kam natija bilan  kvotada kontraktda turgan bo‘lsa ham, u talabalikka qabul qilinmaydi. Yoki abituriyent 68 balldan past ball bilan grant kvotasida turgan bo’lsa ham, u grantda emas, kontraktda o’qiydi. Chunki u belgilangan minimal balldan past natijani qayd etgan.

 

Minimal o‘tish bali har o‘quv yili uchun alohida tasdiqlanadi. Prezidentning “Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilishning minimal oʻtish bali tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishining oldingi oʻquv yilidagi oʻrtacha oʻtish ballarini hisobga olgan holda Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi.

 

O‘tish balli bir necha yillardan buyon o‘zgarishsiz qolmoqda. O‘tgan o‘quv yilida ham undan avvalgi o‘quv yilida ham Davlat komissiyasining tegishli bayoni bilan respublika oliy ta’lim muassasalariga davlat granti bo‘yicha minimal o‘tish bali – 68,0 ball (maksimal 189 ballning 36 %), to‘lov-kontrakt bo‘yicha minimal o‘tish bali – 56,7 ball (maksimal 189 ballning 30 %) etib belgilangan.

 

2024/2025-o‘quv yili uchun minimal o‘tish balli 2024-yil, 28-iyul kuni tasdiqlangan. 2025/2026-o‘quv yili uchun esa 2025-yilning 25-iyul sanasida minimal o‘tish ballari e’lon qilingan. Joriy yilgi qabul uchun ham minimal o‘tish ballari yaqin kunlarda e’lon qilinishi va bu yil ham o‘zgarishsiz qolishi kutilmoqda.

 

Muhim eslatma! 56.7 balldan kam ball to‘plagan abituriyentlar ham kollej/texnikum tanlovida qatnasha oladi. Bunda amaldagi tartibga ko‘ra kirish imtihonlarida qatnashgan barcha abituriyentlar tanlovda ishtirok etishi mumkin. Kollej va texnikumlarga qabulda minimal o‘tish ballari belgilanmagan.

 

Shuningdek, 2024-yilda  Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov o‘qishga qabul qilishda minimal o‘tish bali oshirilishini ma’lum qilgandi.

 

Unga ko‘ra, o‘qishga kirish uchun minimal o‘tish bali 2025-yildan boshlab 2 bosqichda oshiriladi. Bunda sog‘liqni saqlash, huquq, biznes va boshqaruv yo‘nalishlari uchun — 94,5 ball, boshqa yo‘nalishlar uchun — 75,6 ball minimal o‘tish bali etib belgilanishi nazarda tutilgan.

 

Shundan so‘ng Talimxabarlari.uz saytida «Minimal o‘tish balli 56,7 ball bo‘lishi kerak (mi)?» mavzusida fuqarolarning fikrini bilish maqsadida so‘rovnoma o‘tkazilgan edi. 10 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashgan so‘rovnomada 51 fozi (5 610) 56,7 ball va 43 foizi (4 730) esa 66,5 ball bo‘lishini tasdiqlashgan. Shuningdek, ishtirokchilarning 7 foizi (900) esa, aniq javob berishga qiynalishini bildirishgan.