Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internatining 2026/2027-o‘quv yili uchun 2-bosqich kirish imtihonlari 23–24-iyul kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi. Nomzodlar imtihon ruxsatnomasini imtihondan uch kun oldin shaxsiy kabinet orqali yuklab olishi mumkin.
Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internatiga 2026/2027-o‘quv yili uchun 2-bosqich kirish imtihonlari 23–24-iyul kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi.
Ma’lum qilinishicha, 23-iyul kuni aniq va tabiiy fanlar yo‘nalishlari bo‘yicha matematika, fizika, kimyo hamda biologiya fanlaridan yozma imtihonlar o‘tkaziladi.
Imtihonlar Marshall Cavendish Education hamda Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi tomonidan tashkil etiladi.
Mazkur imtihonlar soat 08:00 da Toshkent shahri, Niyozbek yo‘li ko‘chasi, 57-uyda joylashgan Respublika Kelajak markazida boshlanadi.
24-iyul kuni esa ingliz tili bo‘yicha kirish imtihoni Britaniya Kengashi tomonidan uch smenada o‘tkaziladi.
Bunda har bir nomzodning qaysi smenada imtihon topshirishi haqidagi ma’lumot shaxsiy kabinet hamda maktabning rasmiy axborot resurslarida e’lon qilinadi.
Ingliz tili imtihoni Toshkent shahri, Olmazor tumani, Beruniy ko‘chasi, 83A-uy manzilida o‘tkaziladi.
Shuningdek, imtihonlardan 3 kun oldin har bir nomzodning shaxsiy kabinetiga imtihon ruxsatnomasi joylashtiriladi. Nomzodlar ruxsatnomani yuklab olib, chop etishi hamda imtihon kuni tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasining asli bilan birga olib kelishi talab etiladi.
Imtihon hududiga yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlardan tashqari har qanday buyumni olib kirish taqiqlanadi.
Nomzodlardan imtihon boshlanishidan kamida 1,5 soat oldin belgilangan manzilga yetib kelish lozim. Imtihonni boshqa kunda topshirish, qayta topshirish yoki qo‘shimcha imkoniyat berilishi ko‘zda tutilmagan.
