Test sinovlari 14-iyuldan boshlanadi: abituriyentlar nimalarga e’tibor berishi kerak?

Test sinovlari 14-iyuldan boshlanadi: abituriyentlar nimalarga e’tibor berishi kerak?

14-iyuldan oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari boshlanadi. Testlarda ishtirok etadigan abituriyentlar ruxsatnoma, test o‘tkaziladigan manzil, imtihon vaqti hamda hamda baholash mezonlari bilan oldindan tanishib chiqishi tavsiya etiladi.

 

2026/2027-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari 14–23-iyul kunlari respublika bo‘ylab o‘tkaziladi. Joriy yilda testlarda 664 ming 609 nafar abituriyent ishtirok etadi.

 

Test sinovlari kuniga ikki smenada tashkil etiladi. Birinchi smena soat 08:00, ikkinchi smena esa 15:00 da boshlanadi.

 

Abituriyentlardan test sinovlari boshlanishidan kamida 1,5 soat oldin ruxsatnomada ko‘rsatilgan manzilga yetib kelish so‘ralgan.

 

Test sinovlarida ishtirok etish uchun pasport (ID-karta) va abituriyent ruxsatnomasi bo‘lishi shart. Pasport nusxasi yoki boshqa hujjatlar bilan kelgan, shuningdek, belgilangan vaqtdan kechikkan abituriyentlar test sinoviga kiritilmaydi.

 

Joriy yilda ham test sinovlari 5 ta fan bo‘yicha 90 ta test topshirig‘idan iborat bo‘ladi. Maksimal ball 189 etib belgilangan.

 

Majburiy fanlar:

 

  • ona tili — 10 ta savol;
  • matematika — 10 ta savol;
  • O‘zbekiston tarixi — 10 ta savol.

 

Har bir majburiy fan savoli 1,1 balldan, jami 33 ball bilan baholanadi.

 

Mutaxassislik fanlari esa quyidagicha baholanadi:

 

  • 1-fan — 30 ta savol, har biri 3,1 balldan (jami 93 ball);
  • 2-fan — 30 ta savol, har biri 2,1 balldan (jami 63 ball).

 

Shuningdek, abituriyentlarga test sinovi o‘tkaziladigan binolar bilan oldindan tanishish imkoniyati ham yaratilgan. 11–12-iyul kunlari soat 09:00–11:00 va 13:00–15:00, ruxsatnomada ko‘rsatilgan manzilga borib, imtihon o‘tkaziladigan bino va uning joylashuvi bilan tanishish mumkin.

 

Eslatib o‘tamiz, 2026/2027-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarini respublika bo‘yicha 81 ta yopiq inshoot (katta sig‘imli binolar va sport majmualari) da o‘tkazish rejalashtirilgan.

 

Abituriyentlar test topshiradigan bino, uning manzili hamda geolokatsiyasi bilan oldindan tanishib chiqishi tavsiya etiladi.

 

Shuningdek, abituriyentlarga test sinovlarida foydalaniladigan javoblar varaqasi namunasi bilan oldindan tanishib chiqish tavsiya etiladi. Bu test jarayonida javoblarni to‘g‘ri belgilash va texnik xatolarning oldini olishga yordam beradi.

 

Javoblar varaqasini yuklab olish.

 

Abituriyentlar test jarayonida quyidagi huquq va majburiyatlarga ega:

 

–  test topshiriqlari kitobidan qoralama sifatida foydalanish;

 

–  test topshiriqlarini belgilangan muddatdan oldin bajarish, undan so‘ng test materiallarini tartib bilan guruh nazoratchisiga topshirish hamda test sinovlari o‘tkaziladigan hududdan chiqib ketish:

 

– test o‘tkazish hududiga imtihon boshlanadigan vaqtdan 1,5 soat oldin borish;

 

–  testga faqat abituriyent ruxsatnomasi va pasporti bilan shaxsni identifikatsiyalash vositalari bilan borish;

 

–  test materiallari nuqsonsizligini tekshirish va nuqson borligi aniqlansa, darhol guruh nazoratchisiga xabar berish;

 

–  javoblar varaqasi to‘g‘ri to‘ldirilishini ta’minlash;

 

– test topshiriqlari kitobi muqovasida va javoblar varaqasida ko‘rsatilgan tegishli joylarni rasmiylashtirish.

 

Shuningdek abituriynetlar test davomida quyidagilarga shaxsan javobgar hisoblanadi:

 

– javoblar varaqasini havo rang pastali sharikli ruchka bilan to‘ldirish;

 

–  javoblar varaqasini bukmaslik, marker chizig‘iga yozmaslik, javoblar varaqasi raqami ostida joylashgan doirachalarni bo‘yamaslik;

 

–  javoblar varaqasi bilim darajasini belgilovchi asosiy hujjat bo‘lganligi uchun uni to‘g‘ri to‘ldirish;

 

–  belgilangan vaqt tugaguniga qadar test topshiriqlari kitobida mavjud test topshiriqlarini bajargan holda javoblar varaqasining mos tartib raqamidagi tegishli doirachalarini bo‘yab, test topshiriqlari kitobini va unga mos bo‘lgan javoblar varaqasini guruh nazoratchisiga topshirish.

 

Har bir test topshirig‘iga 4 tadan (“A”, “B”, “C”, “D”) muqobil javoblar beriladi.

 

Muhim eslatma! Abituriyent tomonidan har bir test topshirig‘iga faqat bitta javob belgilanishi shart bo‘lib, test topshiriqlari kitobida to‘g‘ri deb hisoblangan javoblarni javoblar varaqasidagi mos tartib raqamli doirachadan bittasini bo‘yaydi (javoblar varaqasida bo‘yalgan javoblarni o‘zgartirish mumkin emas).

 

Agar, javoblar varaqasidagi “belgilash uchun namuna” qoidasiga rioya etilmasa, jumladan, bitta test topshirig‘iga javoblar varaqasida tegishli doiracha bo‘yalmasa yoki ikki va undan ortiq doiracha bo‘yalsa yoxud to‘liq bo‘yalmasa ushbu test topshirig‘iga ball berilmaydi.

 

Abituriyentning test sinovlarini topshirish vaqtida guruhdan chiqishi taqiqlanadi, chiqqan abituriyentlar qaytadan test sinovlariga qo‘yilmaydi. Test materiallarisiz, guruh nazoratchisi kuzatuvi ostida guruhdan chiqish hollari bundan mustasno.

 

Quyidagi hollarda abituriyent test sinovlari jarayonidan chetlashtiriladi va natijalari chiqarilmasligiga asos bo‘ladi:

 

– test sinovlari o‘tkaziladigan hududga yoki binoga kirishda mikrokalkulyator, lug‘at, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya qurilmalari va boshqa vositalar, shpargalkalar olib kirishga harakat qilsa, olib kirgan bo‘lsa yoki ulardan test sinovlari davomida foydalansa;

 

– test materiallarini boshqa abituriyentga uzatsa yoki ularga yordam bersa;

 

– test sinovlari jarayonida bir-biri bilan gaplashsa;

 

– test materiallarini binodan tashqariga olib chiqsa, test topshiriqlari kitobi varag‘ini yirtsa;

 

– test sinovlari uchun ajratilgan vaqt tugagandan so‘ng test materiallarini topshirishdan bosh tortsa;

 

– test sinovlari jarayonida videokuzatuvlar orqali abituriyentning tartib va qoidalarga amal qilmaganligi aniqlansa.