Italiyaning Sitsiliya orolida sodir bo‘lgan tornado maktabni vayron qildi, 11 kishi jarohatlandi

Italiyaning Sitsiliya orolida sodir bo‘lgan tornado maktabni vayron qildi, 11 kishi jarohatlandi

Italiyaning Sitsiliya orolining g’arbiy qismida ikkita suv quyuni (tornado) maktab, uylar va avtomobillarga zarar yetkazdi. Hodisa oqibatida 11 kishi jarohatlandi, 273 nafar o‘quvchi xavfsiz joyga evakuatsiya qilingan.

 

Kecha 9-sentyabr kuni Italiyaning Marsala shahri yaqinidagi dengizda ikkita suv quyuni hosil bo‘lgan. Ular qirg‘oqqa chiqib, Petrosino hududi orqali Trapani tomonga harakatlangan. Tabiiy hodisa oqibatida binolar, transport vositalari va qishloq xo‘jaligi yerlariga zarar yetgan.

 

Anadolu Agency’ning yozishicha, eng ko‘p zarar ko‘rgan obyektlardan biri Marsala shahridagi Alcide De Gasperi maktabining Terrenove filiali bo‘lgan. Maktab direktori Leonardo Gullottaning aytishicha, suv quyuni binoga bevosita urilib, uni butunlay vayron qilgan.

 

Hodisa vaqtida maktab ichida bo‘lgan 273 nafar o‘quvchi xodimlar tomonidan xavfsiz joyga olib o‘tilgan. O‘quvchilar va xodimlar orasida jiddiy jarohat olganlar qayd etilmagan.

 

Suv quyuni Terrenove filialiga to‘g‘ridan to‘g‘ri urilib, binoni butunlay vayron qildi. Yaxshiyamki, xodimlar va, eng muhimi, bolalar orasida jiddiy jarohatlanganlar yo‘q. Faqat bir necha kishi yengil tirnalgan, — degan maktab direktori.

 

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Marsala shahridagi shifoxonada to‘qqiz kishi, jumladan, to‘rt nafar bola yengil jarohatlar sabab tibbiy yordam olgan. Keyingi xabarlarda jarohatlanganlar soni 11 nafarga yetgani, ulardan ikki nafari yaqin atrofdagi Mazara-del-Vallo shahridagi shifoxonaga olib borilgani aytilgan.

 

Italiyaning Sitsiliya orolida sodir bo‘lgan tornado maktabni vayron qildi, 11 kishi jarohatlandi

Italiyaning Sitsiliya orolida sodir bo‘lgan tornado maktabni vayron qildi, 11 kishi jarohatlandi

 

Petrosino hududida esa suv quyuni avtomobilni jarlikka uloqtirgan. Mashina ichidagi ikki kishi jarohat olib, shifoxonaga yotqizilgan.

 

Italiyaning boshqa hududlarida ham noqulay ob-havo kuzatildi

 

Sitsiliya orolidagi hodisalar bilan bir vaqtda Italiyaning boshqa hududlarida ham kuchli yomg‘ir va suv toshqinlari kuzatilgan. Jala yog‘ishi xavfi sababli Latsio va Kampaniya hududlarida ob-havo bo‘yicha to‘q sariq darajadagi ogohlantirish e’lon qilingan.

 

Shuningdek, Neapolning ayrim mahallalarini suv bosgan. Iskya orolida kuchli yomg‘ir suv toshqinlari va ko‘chkilarga sabab bo‘lgan. Qutqaruv va o‘t o‘chirish xizmatlari bu yerda 13 ta favqulodda vaziyat bo‘yicha ish olib borgan.

 

Italiyaning shimoliy hududlarida ham kuchli yog‘ingarchilik kuzatilgan. Kremona provinsiyasidagi Kastelleone hududida bir necha soat ichida qariyb 100 millimetr yomg‘ir yog‘gan. Natijada ko‘chalar va yerto‘lalarni suv bosib, daraxtlar esa to‘xtab turgan avtomobillar ustiga qulagan.

 

Avvalroq, 2025-yili BMT ma’lumotiga tayanib G‘azodagi maktab va universitetlarning 90 foizdan ortig‘i vayron qilingani haqida  xabar berilgandi.