‘‘Men oʻzimni Sirdaryoning ham farzandi deb bilaman’’ — Erkinjon Turdimov sirdaryoliklar bilan xayrlashdi

‘‘Men oʻzimni Sirdaryoning ham farzandi deb bilaman’’ — Erkinjon Turdimov sirdaryoliklar bilan xayrlashdi

Ta’lim va ilm-fan vaziri etib tayinlangan Erkinjon Turdimov Sirdaryo viloyati hokimi sifatidagi faoliyatini yakunlashi munosabati bilan viloyat aholisiga murojaat qildi. U sirdaryoliklarga birgalikda ishlagani uchun minnatdorlik bildirdi.

 

Xabaringiz bor, kuni kecha Prezidentning farmoni bilan Turdimov Erkinjon Oqbutayevich O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimiga tayinlandi.

 

Shu munosabat bilan Sirdaryo viloyati hokimi lavozimidan ozod etildi.

 

Bugun vazir Erkinjon Turdimov o‘z Telegram kanalida Sirdaryo viloyatida ishlagan davri va mahalliy aholi bilan hamkorligi haqida izoh yozdi.

 

U boshqa viloyatda tug‘ilib o‘sgan bo‘lsa-da, mehnat faoliyatini Sirdaryoda boshlaganini, bu zamin o‘zi uchun qadrli ekanini ta’kidladi.

 

‘‘Men boshqa viloyatda tugʻilib oʻsgan boʻlsam ham, mehnat faoliyatimni shu qutlugʻ zaminda boshlaganman. Katta hayot sari ilk qadamlarimni bagʻrikeng va mehnatkash sirdaryoliklar bilan birga tashlaganman. Bu yerda koʻp insonlardan saboq olganman. Ularning tajribasi va maslahatlari xalq ishonchiga munosib boʻlib ishlashda menga asqotgan. Shuning uchun bu yurt men uchun juda qadrli’’, — deya yozadi u.

 

Shuningdek, viloyatda qariyb ikki yil davomida birga ishlash nasib etganini qayd etgan.

 

Turdimov Sirdaryoda sanoat rivojlanayotgani, aholi turmushida o‘zgarishlar yuz berayotgani va odamlarning ertangi kunga ishonchi oshayotganiga guvoh boʻlganini ta’kidlagan.

 

‘‘Sizlar bilan yonma-yon ishlab, sirdaryoliklarning naqadar mehnatkash, fidoyi va vatanparvar ekaniga, birgalikda katta maqsadlarga erishish mumkinligiga yana bir bor amin boʻldim. Men oʻzimni Sirdaryoning ham farzandi deb bilaman. Bu elga doimo taʼzim qilib, cheksiz hurmatim va minnatdorligimni bildiraman! Qayerda, qaysi vazifada ishlasam ham, bu zaminni yanada obod qilish, sirdaryoliklarning turmush farovonligini yuksaltirishga hissa qoʻshishni oʻz burchim deb hisoblayman!’’, — deya yozadi telegram kanalida Erkinjon Turdimov.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Erkinjon Turdimovning matbuot kotibi Ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash masalalari kotibiyatiga rahbar bo‘lishi kutilayotganligi haqida xabar bergan edik.