Erkinjon Turdimovning matbuot kotibi Ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash masalalari kotibiyatiga rahbar bo‘lishi kutilmoqda

Erkinjon Turdimovning matbuot kotibi Ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash masalalari kotibiyatiga rahbar bo‘lishi kutilmoqda

Vazirlar Mahkamasida tashkil etilgan Ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash masalalari kotibiyatiga Manuchehr Boborahimovich Mirzayev rahbar etib tayinlanishi kutilmoqda. U hozirda Sirdaryo viloyati hokimining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi — viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari lavozimida faoliyat yuritmoqda.

 

Manuchehr Mirzayev 1983-yilda Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida tug‘ilgan. U 2007-yilda Termiz davlat universitetining matematika va informatika o‘qituvchisi yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriat, 2009-yilda esa differensial tenglamalar mutaxassisligi bo‘yicha magistratura bosqichini tamomlagan.

 

Shuningdek, u 2009-yilda Germaniya Federativ Respublikasidagi Bildungszentrum am Müggelsee markazida, 2010-yilda esa Janubiy Koreyaning Seul shahridagi Korea Telecom (KT) kompaniyasida stajirovka o‘tagan.

 

Mehnat faoliyati

 

Mirzayev mehnat faoliyatini 2001-yilda Surxondaryo viloyati o‘qituvchilar malakasini oshirish institutida operator-dasturchi sifatida boshlagan. Keyinchalik shu muassasada informatika fani uslubchisi, masofadan o‘qitishni hududiy muvofiqlashtirish markazi koordinatori, markaz rahbari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari o‘qituvchisi lavozimlarida ishlagan.

 

2002-2003-yillarda Surxondaryo viloyati o‘qituvchilar malakasini oshirish instituti informatika fani uslubchisi, masofadan o‘qitish hududiy muvofiqlashtirish markazi koordinatori bo‘lgan.

 

2003–2014-yillarda Surxondaryo viloyati pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti tarkibidagi malaka oshirish, qayta tayyorlash va masofadan o‘qitishni hududiy muvofiqlashtirish markazi rahbari, axborot kommunikatsiya texnologiyalari o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritgan.

 

Erkinjon Turdimovning matbuot kotibi Ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash masalalari kotibiyatiga rahbar bo‘lishi kutilmoqda

 

2015–2017-yillarda Surxondaryo viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti masofadan o‘qitish hududiy muvofiqlashtirish markazi rahbari, axborot kommunikatsiya texnologiyalari o‘qituvchisi, jamoatchilik asosida ichki nazorat va monitoring guruhi rahbari lavozimida ishlagan.

 

2017–2018-yillarda Surxondaryo viloyati hokimligining Axborot-tahlil guruhida yetakchi mutaxassis bo‘lgan. 2018-yilda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining Surxondaryo hududiy bo‘limiga rahbarlik qilgan. Keyinchalik inspeksiyaning Samarqand hududiy bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.

 

2019-yilda Samarqand viloyati hokimligining Axborot-tahlil guruhida yetakchi mutaxassis, shu yili viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari vazifasini bajaruvchi bo‘lgan. 2020–2025-yillarda Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari, viloyat hokimining matbuot kotibi va axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi sifatida ishlagan.

 

2025-yildan buyon Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari, viloyat hokimining matbuot kotibi va axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritmoqda.

 

Manuchehr Mirzayev rus, fors-tojik va ingliz tillarini biladi. U O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. Shuningdek, 2011-yilda “Antique WORLD” xalqaro ilmiy akademiyasining faxriy doktori unvoniga sazovor bo‘lgan.