Joriy yilda oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga kirish uchun 677 907 nafar abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tdi. Ularning 664 ming nafardan ortig‘i test sinovlarida ishtirok etsa, 12 997 nafari barcha fanlardan sertifikatga ega bo‘lgani uchun bevosita tanlov bosqichiga o‘tkazilgan.
Xabaringiz bor, 2026/2027-oʻquv yili uchun abituriyentlarni onlayn roʻyxatga olish 5-iyun kuni boshlanib, 25-iyun kuni yakunlandi. Abituriyentlarni roʻyxatga olish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) hamda Bilim va malakalarni baholash agentligining sayti (my.uzbmb.uz) orqali onlayn tarzda amalga oshirildi.
Joriy yilda jami 677 907 nafar abituriyent onlayn roʻyxatdan oʻtgan. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi xabar berdi.
Shundan 451 744 nafarini (66,6 %) joriy yil bitiruvchilari, 226 163 nafari (33,4 foiz)ni taʼlim muassasalarini avvalgi yillarda tamomlagan fuqarolar tashkil etgan.
Abituriyentlarning 365 196 nafari (53,9 foiz)ni ayollar (2025-yilda 361 019 nafar), 312 711 nafari (46,1 foiz)ni esa erkaklar (2025-yilda 310 378) tashkil etadi.
Test sinovlarida ishtirok etadigan abituriyentlar soni 664 609 nafar.
– Abituriyentlarning 36 500 (5,4 foiz) nafari (2025-yilda 39 307) alohida iqtidor talab etiladigan taʼlim yoʻnalishlariga;
– 10 581 (2025-yilda 10 572) nafari oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish istagini bildirgan.
Roʻyxatdan oʻtishda abituriyentlar tomonidan yuklangan xalqaro sertifikatlar tekshirilib, ularning 24 526 tasi (2025-yilda 18 854 ta) tasdiqlangan.
Umumtaʼlim fanlari boʻyicha 193 186 (2025-yilda 85 140) nafar, chet tillari boʻyicha esa 125 354 (2025-yilda 58 216) nafar milliy yoki xalqaro sertifikatga ega abituriyent roʻyxatdan oʻtgan.
Joriy yilda barcha fanlardan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega boʻlgan 12 997 nafar abituriyent test sinovlaridan ozod qilinib, bevosita tanlov bosqichiga oʻtkazildi (ushbu toifadagi abituriyentlarga “Abituriyent ruxsatnomasi” shakllantirilmagan). 2025-yilda bunday imkoniyatdan 678 nafar abituriyent foydalangan edi.
Joriy yilda test sinovlarini sifatli tashkil etish va oʻtkazish uchun binolar meʼyorlashtirildi. Hozirda 64 (2025-yilda — 65) ta yopiq turdagi katta sigʻimli bino test sinovlariga tayyorlandi. Ularda bir smenada 1 183 (2025-yilda — 1 169) ta guruhda, 35 490 (2025-yilda 35 070) nafar, bir kunda esa 70 980 (2025-yilda 70 140) nafar abituriyent test sinovida ishtirok etadi.
Shuningdek, test sinovlari 10 kun muddat davomida oʻtkaziladi.
Avvalroq, abituriyentlar imtihon hududiga necha soat oldin yetib kelishi kerakligi haqida xabar bergan edik.
