Qozog‘istonda maktab o‘quvchilariga ayrim darslarda telefondan foydalanishga ruxsat berilishi mumkin

Qozog‘istonda maktab o‘quvchilariga ayrim darslarda telefondan foydalanishga ruxsat berilishi mumkin

Qozog‘iston hukumati maktablarda smartfonlardan foydalanish tartibini o‘zgartirishni rejalashtirmoqda. Yangi qoidalarga ko‘ra, kichik sinf o‘quvchilari dars vaqtida telefonlarini topshirsa, yuqori sinflarda ular ta’lim maqsadlarida qo‘llanilishi mumkin.

 

Qozog‘istonda maktab o‘quvchilarining dars vaqtida smartfonlardan foydalanishiga oid yagona qoidalar ishlab chiqilmoqda. Qozog‘iston Respublikasi maorif vaziri Juldiz Sulaymonovaning ma’lum qilishicha, maktablarda telefonlardan to‘liq foydalanishni taqiqlash rejalashtirilmagan.

 

Yangi tartibga ko‘ra, 7-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilar dars vaqtida smartfonlarini topshirishi kutilmoqda. Yuqori sinf o‘quvchilariga esa ayrim hollarda telefonlardan foydalanishga ruxsat beriladi. Xususan, ular onlayn ta’lim platformalarida ishlash, Yagona milliy test (YMT) hamda xalqaro imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida smartfonlardan foydalanishi mumkin.

 

Vazirning ta’kidlashicha, mazkur hujjat hali muhokama bosqichida bo‘lib, yakuniy qaror qabul qilinmagan.

 

Shuningdek, Qozog‘iston Maorif vazirligi Madaniyat va axborot vazirligi bilan hamkorlikda bolalarga qaysi yoshdan boshlab ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishga ruxsat berish masalasini ham ko‘rib chiqmoqda.

 

Bundan tashqari, yangi o‘quv yilidan boshlab maktab ta’limiga sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha pilot loyiha (sinov jarayonidagi loyiha) ishga tushiriladi. Joriy yil 1-sentyabrdan loyiha Qizilo‘rda va Pavlodar viloyatlaridagi 10 ta kichik komplektli maktabda amalga oshiriladi. Ushbu hududlarda tabiiy fanlar bo‘yicha o‘qituvchilar yetishmasligi sababli sun’iy intellektdan foydalanish rejalashtirilgan.

 

Loyiha doirasida maktablar planshetlar va interaktiv doskalar bilan jihozlanadi. Planshetlardan 7–11-sinf o‘quvchilari foydalanishi ko‘zda tutilgan, biroq bu Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilganidan keyingina amalga oshiriladi. Shu bilan birga, qog‘oz darsliklar saqlab qolinadi.

 

Vazir, shuningdek, maktab darsliklarini yangilash rejalari haqida ham ma’lum qildi. Joriy yil oxirigacha 4–9-sinflar uchun aksariyat fanlardan darsliklar qayta nashr etiladi. 8-sinf darsliklari esa 1-aprelga qadar yangilanadi. Faqat Qozog‘iston tarixi va Jahon tarixi fanlari bundan mustasno bo‘lib, ular bo‘yicha yangi 7 jildlik nashr tayyorlanishi yakunlanishi kutilmoqda.

 

Ma’lumot uchun, Qozog‘iston qonunchiligiga ko‘ra, maktab darsliklari har 5 yilda bir marta qayta nashr etiladi. Hozir maktablarda 2017-yilda chop etilgan darsliklardan foydalanilmoqda. Biroq o‘quv dasturlari yangilangani sababli ularning mazmunini ham qayta ko‘rib chiqish zarurati tug‘ilgan.

 

Avvalroq, Angliyadagi maktablarda smartfonlar taqiqlangani, bu esa ota-onalar va pedagoglar qarorni qo‘llab-quvvatlangani haqida xabar berilgandi.