Angliyaning Yorkshir hududidagi maktablarda o‘quvchilarning smartfonlardan foydalanishini cheklovchi yangi tartib kuchga kirdi. Endilikda barcha maktablar va ta’lim muassasalari o‘quvchilar uchun kun davomida telefonlardan xoli muhitni ta’minlashga qonunan mas’ul hisoblanadi.
BBC nashrining xabariga ko‘ra, Mazkur qaror ota-onalar va maktab rahbarlari tomonidan ijobiy kutib olindi. Ularning fikricha, smartfonlar o‘quvchilarning diqqatini chalg‘itadi, dars samaradorligini pasaytiradi hamda o‘quvchilar o‘rtasidagi nizolar sonining ortishiga sabab bo‘ladi.
Qayd etilishicha, Bredforddagi “Appleton Academy” maktabi esa telefonlardan foydalanishni 2025-yil sentyabr oyidayoq cheklagan. Maktab direktori Reychel Garlikning aytishicha, bu qaror ta’lim jarayonida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarga olib kelgan.
Bu, ehtimol, so‘nggi yillarda qabul qilgan eng to‘g‘ri qarorimiz bo‘ldi», — deydi u.
Direktorning so‘zlariga ko‘ra, telefonlar cheklangach, o‘quvchilar darsda kamroq chalg‘iy boshlagan, telefonini tekshirish uchun tez-tez sinfdan chiqish holatlari kamaygan, tanaffus vaqtida esa ular bir-biri bilan ko‘proq muloqot qiladigan bo‘lgan. Shuningdek, ota-onalar ham yangi tartibni qo‘llab-quvvatlagan.
Smartfonlardan foydalanishni cheklash hukumatning yana bir tashabbusi — 2027-yil bahoridan boshlab 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni yanada cheklash rejalari bilan hamohang tarzda amalga oshirilmoqda. Ayni paytda Appleton Academy o‘quvchilari ijtimoiy tarmoqlardan kamroq foydalanishning ta’lim va ruhiy salomatlikka ta’sirini o‘rganishga qaratilgan tadqiqotda ishtirok etmoqda.
Kiberxavfsizlik mutaxassisi Soban Bashir esa o‘zining o‘smir farzandlariga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga ruxsat bermasligini aytgan. Uning fikricha, smartfon orqali bolalar internetdagi barcha kontentga kattalar bilan bir xil darajada kirish imkoniga ega bo‘lishi xavotirli holatdir.
Ijtimoiy tarmoqlar o‘quvchilarning diqqatini susaytiradi va dars jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, — deydi u.
Biroq mutaxassislar bu masalada ehtiyotkor fikr bildirmoqda. Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishning o‘smirlar ruhiy salomatligiga ta’sirini o‘rganayotgan tadqiqot rahbari, doktor Jon Pikavensning aytishicha, hozircha ijtimoiy tarmoqlar ruhiy salomatlik muammolarining bevosita sababi ekanini tasdiqlovchi yetarli ilmiy dalillar mavjud emas.
Shuningdek, u maktablarda telefonlarni taqiqlashning ijobiy natijalarini ilmiy jihatdan aniq o‘lchash ham murakkabligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, bu tartibning foydasi bo‘lishi mumkin, biroq bunday o‘zgarishlarni ilmiy mezonlar asosida baholash oson emas.
Shunga qaramay, Angliya hukumati maktablarda telefonlardan foydalanishni cheklash o‘quvchilarning ta’lim sifati va xavfsizligini yaxshilashga xizmat qiladi, degan pozitsiyada qolmoqda.
Avvalroq, Avstraliya bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarga qo‘yilgan taqiqni yanada kuchaytirayotgani haqida xabar berilgan edi.
