Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi 11-sonli umumta’lim maktabi bitiruvchisi Mahkamova Iroda Mirzaxmad qizi maksimal 189 ballni qo‘lga kiritib, muddatidan avval talaba bo‘lish baxtiga erishdi. Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va rejalari haqida suhbatlashdi.
Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi 11-sonli umumta’lim maktabi bitiruvchisi Mahkamova Iroda Mirzaxmad qizi sertifikatlar olib, muddatidan oldin talaba bo‘ldi.
U matematikadan A, ingliz tilidan CEFR B2, o‘zbek tili va adabiyot fanidan B+, tarix fanidan esa B darajadagi milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritgan. Kelajakdagi maqsadi esa mamlakatimizning nufuzli oliygohlaridan biri — Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining ‘‘Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar’’ yo‘nalishida tahsil olish.
Irodaning aytishicha, muddatidan avval talaba bo‘lish g‘oyasi bundan ikki yil avval paydo bo‘lgan. Sertifikat olib, imtihonsiz talabalikka erishgan tengdoshlarini ko‘rib, u ham o‘z oldiga qat’iy maqsad qo‘ygan. Ana shu qaror keyingi 2 yil davomida uning hayot tarziga aylangan.
Irodaning aytishicha, asosiy mutaxassislik fani bo‘lgan matematikadan A darajadagi milliy sertifikatni qo‘lga kiritish uchun 9 oydan ortiq vaqt davomida har kuni 12–14 soat shug‘ullangan.
Bu davrda ko‘plab ko‘ngilochar mashg‘ulotlardan voz kechishimga to‘g‘ri keldi, ammo yakunda maqsadimga erishdim — eng yuqori, ya’ni “A” darajali sertifikatni qo‘lga kiritdim. Shundan so‘ng, ingliz tilidan atigi 5 oy ichida B2 darajasidagi sertifikatga ega bo‘ldim. Bunday qisqa fursatda natijaga erishishimga bolaligimdan bu tilga bo‘lgan qiziqishim va mustahkam poydevor (fundamental) bilimlarim sabab bo‘ldi. Qolgan majburiy fanlarga esa 1 oydan tayyorlanish kifoya qildi. Ma’lumotlarni tez qabul qilish qobiliyatim tufayli ona tilidan B+, tarixdan esa B darajali sertifikatlarni rasmiylashtirdim.
“Faqat onlayn o‘qidim, ammo bu meni to‘xtata olmadi”
Irodaning muvaffaqiyatini yanada e’tiborli qiladigan jihat shundaki, u barcha fanlarga faqat onlayn tayyorlangan. Markazdan uzoqda yashagani va maktabdagi mashg‘ulotlari sabab repetitorlarga qatnash imkoniyati bo‘lmagan. Ammo u buni kamchilik emas, imkoniyat deb bilgan.
Maktab darslari va markazdan chekkaroq hududda yashashim sababli repetitorlarga borish imkoniyati yo‘q edi. Lekin bu cheklovlar meni taslim qila olmadi. Kuchli onlayn ustozlarimning bilimlari va qat’iy nazorati meni doimo oldinga undadi. Buning uchun ulardan cheksiz minnatdorman!, — deydi u.
Tayyorgarlik jarayonida u har bir xato ishlangan testni alohida daftarga yozib borgan, uning qoidasini to‘g‘ri yechimini topguncha qayta-qayta takrorlavergan. Yangi o‘rganilgan mavzularni esa boshqalarga tushuntirish orqali bilimini mustahkamlagan. Uning fikricha, aynan “xatolar ustida ishlash” eng samarali usullardan biri hisoblanadi.
Imtihon savollari, ayniqsa matematikadan, chuqur mantiqiy fikrlashni talab qiladigan darajada murakkab bo‘lgan. Biroq yuzlab variantlar ustida ishlagani sabab haqiqiy imtihon vaqtida hayajonga berilmagan.
“Psixologik tayyorgarlik imtihon muvaffaqiyatining yarmi”
Maktabdagi darslar bilan sertifikatlarga tayyorgarlikni birgalikda olib borish uchun Iroda qat’iy vaqt taqsimoti asosida tayyorlangan. Maktabdagi vaqtini darslarga, maktabdan keyingi barcha bo‘sh vaqtini esa sertifikatlarga tayyorgarlikka bag‘ishlagan. Bunday jadval ayrim paytlarda uyqu rejimining buzilishiga ham sabab bo‘lgan.
Ko‘pchilikni bir savol qiziqtirishi tabiiy: ham maktab darslariga ulgurish, ham sertifikatlarga tayyorlanish qanday uddalandi? Men qat’iy kunlik reja (Time management) asosida yashadim. Maktabdagi vaqtimni faqat darslarga va tengdoshlarim bilan ijtimoiy muhitga ajratdim. Maktabdan keyingi har bir bo‘sh soatni esa sertifikat darslariga sarfladim. Tabiiyki, bunday intensiv rejimda uyqu tizimim biroz buzildi. Dastlabki oylarda tunda soat 2-3 gacha kitob ustida o‘tirib qolardim. Shunday og‘ir damlarda onajonimning: “Ruhan tushma, qizim, bir kun kelib albatta bu mehnatlaringning rohatini ko‘rasan”, degan gaplari menga qanot bo‘ldi, — eslaydi Iroda.
Muvaffaqiyatsizliklaridan biri matematikadan ilk sinovda 80 foizlik natija olgan payti bo‘lgan. Bu natija uni tushkunlikka tushirgan, hatto bir muddat o‘ziga bo‘lgan ishonchini ham yo‘qotgan.
Ruhiy holat — muvaffaqiyatning eng muhim omillaridan biri. Psixologik tayyorgarlik imtihon muvaffaqiyatining 50 foizini tashkil qiladi. Ayniqsa, matematikadan ilk marta topshirganimda 80%lik natija qayd etganim meni qattiq tushkunlikka tushirgan va o‘zimga bo‘lgan ishonchni so‘ndirib, “men eplay olmayman” degan fikrga olib kelgan edi. Zero, bilimingiz qanchalik mukammal bo‘lmasin, hayajonni yenga olmasangiz, natija boy berilishi hech gap emas.
Shunday pallalarda ota-onasi va ustozlarining qo‘llab-quvvatlashi unga yana kuch bergan.
Test topshirishda u savollarni oxirigacha diqqat bilan o‘qish, oson testlardan boshlash va murakkab savollarga ortiqcha vaqt sarflamaslik taktikasiga amal qilgan. Tayyorgarlik davrida ijtimoiy tarmoqlardan deyarli voz kechgan, Telegramni esa faqat onlayn darslar va o‘quv materiallari uchun qoldirgan.
Test kuni yuqori ball to‘plash va xatolarni minimal darajaga tushirish uchun men ‘‘Noto‘g‘ri javoblarni chiqarib tashlash’’ (ellikka-ellik) uslubidan hamda vaqtni qat’iy nazorat qilish taktikasidan foydalandim. Eng birinchi qoida — savolni oxirigacha diqqat bilan o‘qish va testlarni osondan qiyinga qarab ishlashdir. Bitta murakkab savolga yopishib olib, qimmatli vaqtni boy berish — eng katta xatodir. Ko‘pchilik o‘quvchilarning vaqtini o‘g‘rilaydigan telefon va ijtimoiy tarmoqlar masalasiga kelsak, men ulardan foydalanishni keskin chekladim. Smartfondan deyarli foydalanmadim; ijtimoiy tarmoqlardan esa faqat Telegram tarmog‘ini qoldirdim, u ham bo‘lsa onlayn darslarim va o‘quv materiallarini kuzatish uchun xizmat qildi. Bu davrda mening eng yaqin va xolis yordamchim kompyuterim bo‘ldi. Mening fikrimcha, texnologiya to‘g‘ri yo‘naltirilsa — eng zo‘r yordamchi, nazoratsiz qoldirilsa — eng xavfli dushmandir.
Suhbat yakunida sertifikatlar sohibasi tengdoshlariga quyidagicha tavsiyalari bilan bo‘lishdi:
Milliy sertifikat olishni istagan tengdoshlarimga maslahatim: maqsad sari intilishni bugundan boshlang, vaqtni boy bermang, tizimlilikni saqlang va har kuni kamida 10 soat dars qiling. Maktab tizimida biz kabi yuqori natija ko‘rsatadigan o‘quvchilar safini kengaytirish uchun esa ta’limdagi qoliplardan (formalizmdan) voz kechish kerak deb o‘ylayman. Yuqori sinf o‘quvchilariga o‘zlari tanlagan yo‘nalish fanlarini chuqurroq o‘rganishlari uchun erkinlik va sharoit yaratilishi, maktablarda sertifikat darajasidagi bepul to‘garaklar ko‘paytirilishi nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi, — deya yakunlaydi u.
Bugun Iroda imtihon tashvishlarini ortda qoldirgan bo‘lsa-da, izlanishni to‘xtatgani yo‘q. Hozir u IELTS imtihonidan 9.0 ball olishni maqsad qilgan. Shuningdek, rus tili va kompyuter savodxonligini ham chuqur o‘rganmoqda.
Irodani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, Toshkentda muddatidan oldin 189 ballni naqd qilgan abituriyent qiz Mohinaxon Adilxodjayeva bilan suhbatlashgan edik.
