Dual ta’limda o‘quvchilar eng ko‘p qaysi kasblarda o‘qimoqda? — tahlil

Dual ta’limda o‘quvchilar eng ko‘p qaysi kasblarda o‘qimoqda? — tahlil

O‘zbekistondagi 679 ta texnikumda 442 mingdan ortiq o‘quvchi tahsil olmoqda. Ularning 60,6 ming nafari dual ta’limga qamrab olingan bo‘lib, eng ko‘p o‘quvchi maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash hamda tikuvchilik yo‘nalishlarida o‘qimoqda.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan texnikumlarda dual ta’limning joriy holati bo‘yicha axborot-tahliliy sharh e’lon qilindi.

 

Unda 2026-yil 30-may holatidagi Prof-emis.edu.uz ma’lumotlari asosida dual ta’lim qamrovi, uning hududlar va kasb-mutaxassisliklar kesimidagi ko‘rsatkichlari tahlil qilingan.

 

Sharhga ko‘ra, 2026-yil 30-may holatida tahlilga kiritilgan 679 ta texnikumda 442 227 nafar o‘quvchi tahsil olgan. Shundan 60 654 nafari dual ta’limda o‘qimoqda. Bu umumiy o‘quvchilar sonining 13,7 foizini tashkil etadi. Qolgan 381 573 nafar o‘quvchi boshqa ta’lim shakllarida tahsil olmoqda.

 

Dual ta’lim qamrovi hududlar bo‘yicha sezilarli farq qiladi. Eng yuqori ko‘rsatkich Jizzax viloyatida — 24,8 foiz. Keyingi o‘rinlarda Namangan — 18,1 foiz, Xorazm — 16,7 foiz, Andijon — 16,3 foiz va Farg‘ona — 15,4 foiz bilan qayd etilgan. Eng past qamrov Toshkent shahrida — 7 foiz va Samarqand viloyatida — 7,6 foizni tashkil etgan.

Dual ta’limda o‘quvchilar eng ko‘p qaysi kasblarda o‘qimoqda? — tahlil
Jadval: Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi

 

Dual ta’limda tahsil olayotgan o‘quvchilar soni bo‘yicha esa Farg‘ona viloyati 9 247 nafar bilan birinchi o‘rinda. Undan keyin Andijon — 7 243 nafar, Namangan — 6 652 nafar, Qashqadaryo — 6 359 nafar va Jizzax — 5 258 nafar.

 

Mazkur beshta hududdagi dual ta’lim o‘quvchilari respublika bo‘yicha jami dual ta’lim kontingentining 57,3 foizini tashkil etadi. Bu yerda qamrov foizi bilan o‘quvchilar sonini farqlash muhim. Masalan, Jizzaxda dual ta’lim qamrovi eng yuqori — 24,8 foiz bo‘lsa, Farg‘onada dual ta’limda o‘qiyotganlar soni eng ko‘p — 9 247 nafar.

 

Eng ko‘p o‘quvchi qaysi kasblarda?

 

Sharhda dual ta’limdagi o‘quvchilarning qariyb yarmi uchta kasb va mutaxassislik hissasiga to‘g‘ri kelishi qayd etilgan.

 

Maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi yo‘nalishida 10 931 nafar, avtomobillarni ta’mirlash va ularga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida 9 131 nafar, tikuvchilikda esa 7 900 nafar o‘quvchi dual ta’limda tahsil olmoqda.

 

Ushbu uchta yo‘nalishda jami 27 962 nafar o‘quvchi bor. Bu dual ta’limdagi jami o‘quvchilarning 46,1 foiziga teng. Biroq o‘quvchilar soni ko‘p bo‘lishi har doim ham shu yo‘nalishda dual ta’lim qamrovi yuqori degani emas.

 

Masalan, maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi yo‘nalishidagi o‘quvchilarning 79,1 foizi dual ta’limda bo‘lsa, avtomobillarni ta’mirlash va ularga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida bu ko‘rsatkich 11,1 foizni tashkil etadi. Tikuvchilikda esa dual ta’lim qamrovi 29,9 foiz.

 

Dual ta’limda o‘quvchilar eng ko‘p qaysi kasblarda o‘qimoqda? — tahlil
Jadval: Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi

 

Tahlilda ayrim yirik kasb va mutaxassisliklarda dual ta’lim o‘quvchilari umuman qayd etilmagani ham ko‘rsatilgan. Bunday yo‘nalishlar orasida hamshiralik ishi, feldsherlik ishi, davolash ishi, farmatsiya, funksional diagnostika ishi, tibbiyot brigadasi hamshirasi, stomatologiya ishi, kon ishchisi va qurilish ishlari ishchisi kabi yo‘nalishlar bor.

 

Hamshiralik ishi yo‘nalishi 120 ta texnikumda mavjud bo‘lib, unda 63 675 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Shunga qaramay, tahlilda ushbu yo‘nalish bo‘yicha dual ta’limdagi o‘quvchilar qayd etilmagan. Dual ta’lim qayd etilmagan eng yirik 10 ta yo‘nalishda jami 120 657 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Ularning 106 935 nafari yettita tibbiyot yo‘nalishiga to‘g‘ri keladi.

 

Biroq bu ushbu yo‘nalishlarda o‘quvchilar umuman amaliyot o‘tmaydi, degani emas. Sharhda qayd etilishicha, amaliy tayyorgarlik mavjud bo‘lsa-da, u dual ta’lim sifatida rasmiylashtirilmagan yoki ma’lumotlar axborot tizimida to‘liq aks etmagan bo‘lishi mumkin.

 

2030-yilgacha qamrovni 40 foizga yetkazish maqsad qilingan

 

2030-yilgacha texnikum o‘quvchilarining 40 foizini dual ta’limga qamrab olish maqsad qilingan. Sharhda bu ko‘rsatkichga erishish uchun yangi qabul parametrlari, ish beruvchilar bilan hamkorlik, amaliyot va ish o‘rinlari, malakali ustozlar hamda hududiy mehnat bozori ehtiyojlarini hisobga olish zarurligi qayd etilgan.