Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchi va murabbiylarni bayram bilan tabrikladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchi va murabbiylarni bayram bilan tabrikladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 1-oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan yurtimizdagi barcha pedagog xodimlarga bayram tabrigini yo‘lladi.

 

Davlat rahbari o‘z tabrigida yosh avlod tarbiyasini dunyodagi eng ulug‘ va sharafli ishlardan biri sifatida e’tirof etib, o‘z hayotini ushbu mas’uliyatli kasbga bag‘ishlab kelayotgan ustoz va murabbiylarga samimiy minnatdorlik bildirdi.

 

Prezident tabrigida o‘qituvchi va murabbiylarning yoshlarni Vatanga sadoqat, ezgulik va ma’rifat ruhida tarbiyalashdagi o‘rni alohida qayd etilgan. Fidoyi va jonkuyar pedagoglar milliy pedagogikaning oltin fondini tashkil etishi ta’kidlangan.

 

Davlat rahbari barcha ustoz va murabbiylarni kasb bayrami bilan chin qalbdan muborakbod etib, ularga sihat-salomatlik, oilaviy farovonlik va sharafli faoliyatlarida muvaffaqiyat tiladi.

 

Aziz doʻstlar!

Bugungi kunda erishayotgan, havas qilsa arziydigan natijalarimiz orasida taʼlim yoʻnalishidagi yutuqlarimiz biz uchun alohida qadrli desam, oʻylaymanki, butun xalqimizning fikrini ifoda etgan boʻlaman. Chunki bundan atigi oʻn yil oldin ijtimoiy hayotimizda gʻoyat ogʻir, ota-onalarni eng qiynaydigan soha – aynan taʼlim-tarbiya sohasi, eng kamsitilgan kasb egasi esa oʻqituvchilar edi. Sizlar bilan birga qattiq ishlab, qancha-qancha muammolarni hal qildik, oldimizda turgan toʻsiq-gʻovlarni bartaraf etdik. Hozirgi vaqtda taʼlim sohasi jadal rivojlanayotgan sohaga, oʻqituvchilik esa obroʻ-eʼtiborli kasbga aylanmoqda.

Buni quyidagi misollarda yaqqol koʻrish mumkin. Hozirgi vaqtda mamlakatimizdagi 40 ming oʻqituvchi 1 ming dollar, ularning 1 ming 500 nafari 2 ming dollardan ziyod miqdorda maosh olmoqda. Joriy yil yangi formatda oʻtkazilgan “Yil oʻqituvchisi” tanlovining 208 nafar tuman va shahar bosqichi gʻoliblariga ilk bor 616 million soʻmdan mukofot berildi. Bunday ragʻbatlantirish mexanizmlari kelgusi yilda bogʻcha tarbiyachilari va texnikum ustalari faoliyatiga ham joriy etiladi.

Soʻnggi oʻn yilda yurtimizda 1 million 800 ming oʻrinli bogʻcha, 1 million 500 oʻrinli maktablar barpo etganimiz, 10 mingdan ziyod bogʻcha va maktabni zamonaviy koʻrinishga keltirganimiz tariximizda misli koʻrilmagan natijalardir. Prezident, ixtisoslashgan va ijod maktablari kabi mutlaqo yangi namunadagi taʼlim dargohlari paydo boʻlgani, oliy oʻquv yurtlari soni 77 tadan 205 taga oʻsib, ulardagi qamrov 45 foizga yetgani ham albatta katta ijobiy oʻzgarishdir.

Sohada xususiy sektor izchil rivojlanib, sogʻlom raqobat muhiti shakllanmoqda. Eng muhimi, ana shunday sharoitda ishlash, bilim va malakasini oshirish va namoyon etishga qodir boʻlgan yangi pedagoglar avlodi maydonga chiqmoqda.

Taʼlim islohoti yoʻlidagi bunday ulkan yutuqlarimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi.

Tabiiyki, bularning barchasi oʻquv-tarbiya ishlarining sifati va samarasini oshirishga xizmat qilmoqda. Masalan, 2026-yilda yurtimiz oʻquvchilari xalqaro olimpiadalarda 228 ta medalni qoʻlga kiritgani, jumladan, mamlakatimizda boʻlib oʻtgan xalqaro kimyo va informatika olimpiadalarida oʻgʻil-qizlarimiz yuqori oʻrinlarni egallagani gʻoyat quvonarlidir.

Bir necha kun oldin qadimiy Samarqand shahrida yakuniga yetgan Butunjahon shaxmat va parashaxmat olimpiadalarida gʻolib va sovrindor boʻlib, Vatanimiz shuhratini dunyoga tarannum etgan azamat yoshlarimizning tom maʼnoda tarixiy yutuqlarni qoʻlga kiritishida sizlarning hissangiz beqiyos ekanini el-yurtimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.

Bu yil oʻquvchilik davrida xorijiy til va fan sertifikatiga ega boʻlgan farzandlarimiz soni 100 ming nafarga yetdi, 5 mingga yaqin maktab bitiruvchisi esa oliygohlarga kirishda eng yuqori ball toʻpladi.

Nufuzli PISA reytingida 15 yoshli oʻquvchilarimiz tabiiy fanlarni oʻzlashtirish boʻyicha 32 pogʻona yuqori koʻtarilib, 48-oʻrinni egallagani ham eʼtiborga loyiq, albatta.

Oliygohlarimizdagi 185 ta taʼlim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan oʻtgani, xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda 441 ta qoʻshma taʼlim dasturi yoʻlga qoʻyilgani ham salmoqli koʻrsatkichdir.

Hurmatli yurtdoshlar!

Biz kelgusi oʻn yilni mamlakatimiz uchun milliy yuksalish davri sifatida belgilab, oldimizga yanada ulkan maqsadlar qoʻymoqdamiz.

Milliy yuksalishning tayanch asosi – maktab, texnikum va oliygohlar ekanini siz, azizlar albatta yaxshi tushunasiz. Shu bois, bu borada biz avvalo sizlarga – muhtaram ustoz va murabbiylarimizga tayanamiz. Taʼlim-tarbiya tizimi vakillari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda shu yoʻnalishda oldimizda turgan dolzarb vazifalar va ularning yechimlari haqida atroflicha gaplashib oldik.

Ilgʻor pedagoglarni ragʻbatlantirish maqsadida Abdulla Avloniy nomidagi davlat mukofotini taʼsis etishga qaror qildik. Hech shubhasiz, bunday mukofot sizlarni yanada katta yutuq va marralarga ilhomlantiradi, deb ishonaman.

Farzandlarimiz qalbida Vatanga muhabbat, uning taqdiriga daxldorlik hissi va gʻurur tuygʻusini kuchaytirish, ularni tariximiz va madaniyatimizga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgan ishlarni endi oilada ham, mahalla, maktab, texnikum va oliygohlarda ham yangicha tashkil etamiz. Bunda hozirgi gʻoyat murakkab zamon talablarini qatʼiy hisobga olishimiz zarur. “Yosh avlod tarbiyasi – butun jamiyatning muqaddas burchi, vazifasi” degan ezgu gʻoya har birimizning yuragimizda aks sado berib, kundalik hayotimiz mezoni, mazmuniga aylanishi shart.

Yangi Oʻzbekiston yoshlarini “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” deb yashaydigan avlod sifatida kamol toptirishning beqiyos ahamiyatini yaxshi tushunadigan siz, hurmatli ustoz va murabbiylar boy bilim va tajribangiz, isteʼdod va mahoratingiz bilan bu jarayonlarda faol ishtirok etasiz deb ishonaman.

Sizlarni yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga mustahkam sogʻliq, oilaviy baxt-saodat tilayman.

Gʻoyat sharafli va masʼuliyatli faoliyatingizda doimo zafarlar yor boʻlsin, aziz ustozlar!, — deyiladi davlat rahbari o‘z tabrigida.