Yurisprudensiya yoʻnalishlariga IQ test topshirish tartibi belgilandi

Yurisprudensiya yoʻnalishlariga IQ test topshirish tartibi belgilandi

TDYUning ayrim taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishga qabul qilishda IQ test oʻtkaziladi.

 

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyun 350-son qarori bilan, Hukumatning 2025-yil 13-sentyabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga IQ test oʻtkazish tartibini belgilovchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

 

Bunda, IQ test yurisprudensiya taʼlim yoʻnalishi boʻyicha Toshkent davlat yuridik universitetining “Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik” hamda “Raqamli huquq” taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishga qabul qilishda oʻtkaziladi.

 

Roʻyxatdan oʻtish jarayonlarida huquq sohasida test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi bilan birga IQ testdan oʻtishni tanlagan abituriyentlar uchun IQ test sinovlari TDYU tomonidan IQ test oluvchi hamkor xorijiy tashkilot bilan oʻzaro shartnoma asosida har yili 10-iyulga qadar oʻtkazilishi belgilangan.

 

IQ test sinovlarini oʻtkazish va natijalarni baholash xorijiy tashkilot talablariga asosan amalga oshiriladi.

 

Faqatgina, IQ test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan abituriyentlarga OTT va bakalavriat taʼlim yoʻnalishini tanlash jarayonida boshqa mos yoʻnalishlar bilan birga TDYUning “Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik” hamda “Raqamli huquq” taʼlim yoʻnalishlarini tanlash imkoniyati yaratiladi.

 

Maʼlumot uchun, mazkur taʼlim yoʻnalishlariga tanlovda chet tillari boʻyicha kamida B2 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat talab qilinadi.

 

Avvalroq, mazkur tartib Prezidentning 2025-yil 26-noyabrdagi PF-232-sonli farmoni bilan belgilangan bo‘lib, hozircha ushbu qabul jarayonining barcha mexanizmlarini belgilab beruvchi Vazirlar Mahkamasining alohida qarori e’lon qilinmagani, Prezident farmonida mazkur hujjat 2026-yil may oyida qabul qilinishi belgilangan bo‘lsa-da, qaror hali tasdiqlanmagani haqida ma’lumot berilgandi.