TDYUning ikki yo‘nalishiga qabulda B2 sertifikat va IQ test talab etiladi

TDYUning ikki yo‘nalishiga qabulda B2 sertifikat va IQ test talab etiladi

Toshkent davlat yuridik universitetining ayrim ta’lim yo‘nalishlarini tanlagan abituriyentlarga my.uzbmb.uz platformasida maxsus ogohlantirish chiqarilmoqda. Unda mazkur yo‘nalishlarga qabul ikki bosqichda amalga oshirilishi, tanlovda esa faqat B2 darajadagi chet tili sertifikatiga ega nomzodlar ishtirok etishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

 

Toshkent davlat yuridik universitetining “Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik” hamda “Raqamli huquq” (Digital Law) ta’lim yo‘nalishlariga hujjat topshirayotgan abituriyentlar uchun my.uzbmb.uz platformasida alohida ogohlantirish oynasi paydo bo‘lmoqda.

 

Unda mazkur yo‘nalishlarga qabul qilish jarayoni boshqa yo‘nalishlardan farqli ravishda ikki bosqichda amalga oshirilishi ma’lum qilingan. Xususan, abituriyentlar dastlab IQ darajasini aniqlash bo‘yicha test sinovlarida ishtirok etishi lozim. Faqat ushbu bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlargina keyingi bosqichda fanlar bo‘yicha test sinovlariga qo‘yiladi.

 

Shuningdek, ogohlantirishda mazkur yo‘nalishlarga faqat chet tilidan kamida B2 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlar tanlovda qatnashishi mumkinligi qayd etilgan. Ta’lim jarayoni esa to‘liq ingliz tilida olib borilishi belgilangan.

 

Saytdagi ma’lumotlarga ko‘ra, abituriyentlar ushbu yo‘nalishlarni tanlash uchun IQ test sinovlarida ishtirok etishga rozilik bildirishi kerak. Shundan so‘nggina fanlar majmuasini tanlash imkoniyati yaratiladi. IQ testlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi xalqaro standartlar asosida ixtisoslashgan xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilishi nazarda tutilgan.

 

Mazkur tartib Prezidentning 2025-yil 26-noyabrdagi PF-232-sonli farmoni bilan belgilangan bo‘lib, hozircha ushbu qabul jarayonining barcha mexanizmlarini belgilab beruvchi Vazirlar Mahkamasining alohida qarori e’lon qilinmagan. Prezident farmonida mazkur hujjat 2026-yil may oyida qabul qilinishi belgilangan bo‘lsa-da, qaror hali tasdiqlanmagan.

 

Qayd etish joiz, my.uzbmb.uz saytida chiqayotgan ushbu ogohlantirish faqat Toshkent davlat yuridik universitetining “Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik” hamda “Raqamli huquq” yo‘nalishlariga tegishli. “Yurisprudensiya” ta’lim yo‘nalishini tanlagan abituriyentlar uchun mazkur talablar va cheklovlar amal qilmaydi. Shu sababli saytda ogohlantirish chiqqan taqdirda ham, u barcha yuridik yo‘nalishlarga emas, aynan yuqoridagi ikki ta’lim yo‘nalishiga taalluqli hisoblanadi.

 

Avvalroq, xotin-qizlar uchun tavsiyanomalar nega my.uzbmb.uz saytida ko‘rinmayotganligi haqida xabar bergan edik