Ijtimoiy reyestr orqali davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan talabalar uchun grantning keyingi kurslarda saqlanib qolishi ularning akademik natijalariga bog‘liq. Shuningdek, grantni yo‘qotgan ayrim talabalarga foizsiz ta’lim krediti olish imkoniyati ham yaratilgan.
Ijtimoiy reyestr orqali grantga qabul qilingan talabalar 4 yil yoki faqat 1 yil grant asosida o‘qiydimi, degan savol yuzasidan tahririyatimizga ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.
Amaldagi tartibga ko‘ra, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun ajratiladigan qo‘shimcha davlat granti asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar grantdan faqat birinchi o‘quv yili davomida foydalanadi.
Mazkur grant ham davlat ta’lim granti hisoblanadi. Shu sababli talaba ikkinchi kursdan boshlab barcha grant oluvchilar qatori umumiy grant taqsimotida ishtirok etadi. Agar talaba yuqori akademik natijalarni saqlab qolsa, grant asosida o‘qishni davom ettiradi. Aks holda esa kontrakt shakliga o‘tkaziladi.
Kontraktga o‘tgan talabalarga qanday imkoniyat beriladi?
Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan nizomga muvofiq, ijtimoiy reyestrga kiruvchi talaba keyingi yillarda grantni saqlab qola olmasa va kontrakt asosida o‘qishni davom ettirsa, unga foizsiz ta’lim krediti ajratilishi mumkin.
Buning uchun talabaning o‘rtacha akademik ko‘rsatkichi — GPA (Grade Point Average) kamida 3,5 bo‘lishi talab etiladi.
GPA ko‘rsatkichi 3,5 va undan yuqori bo‘lgan talabalarga keyingi o‘quv yili uchun foizsiz ta’lim krediti ajratiladi.
Agar talabaning GPA ko‘rsatkichi 3,5 balldan past bo‘lsa, u foizsiz ta’lim kreditidan foydalana olmaydi.
Avvalroq, ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari uchun 10 foizgacha qo‘shimcha grant ajratilishi haqida xabar bergan edik.
