Prezident maktablariga kirish imtihonlarining 1-bosqichi natijalari 15-iyulgacha e’lon qilinishi kerak. Birinchi bosqich natijalarga ko‘ra, har bir Prezident maktabi bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan 480 nafar talabgor keyingi bosqichda ishtirok etadi.
Xabaringiz bor, 25-iyun kuni respublika bo‘ylab Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident maktablariga kirish imtihonlarining saralash bosqichi (1-bosqich) bo‘lib o‘tdi.
Ikkinchi bosqich imtihonlari esa 17-iyul kuni bir smenada o‘tkaziladi.
2026/2027-o‘quv yili uchun Prezident maktablariga 60 169 ta ariza kelib tushgan bo‘lib, bir o‘ringa o‘rtacha 179 nafar talabgor da’vogarlik qilmoqda.
Eng yuqori raqobat Farg‘ona viloyatida qayd etilib, ushbu hududdagi Prezident maktabiga 6 690 nafar talabgor hujjat topshirgan. Eng kam raqobat esa Navoiy viloyatida kuzatilib, bu yerdagi Prezident maktabiga 1 790 nafar talabgordan ariza kelib tushgan.
Taqqoslash uchun, 2025/2026-o‘quv yilida Prezident maktablariga 49 924 ta ariza kelib tushgan bo‘lib, bir o‘ringa o‘rtacha 148 nafar talabgor to‘g‘ri kelgan.
1-bosqich natijalari qachon e’lon qilinadi?
Amaldagi tartibga ko‘ra, Prezident maktablariga kirish imtihonlarining:
— 1-bosqich natijalari imtihon o‘tkazilgan kundan keyin 20 kun ichida;
— 2-bosqich natijalari esa imtihon o‘tkazilgan kundan keyin 30 kun ichida Agentlikning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Shunga ko‘ra, 1-bosqich imtihonlari 25-iyun kuni o‘tkazilganligi sababli uning natijalari 15-iyulgacha e’lon qilinishi kerak.
Talabgorlar 2-bosqichga qanday sarlanadi?
Birinchi bosqich yakunlariga ko‘ra, qabul kvotasida belgilangan har bir o‘rin uchun 20 nafardan, ya’ni har bir Prezident maktabidan jami 480 nafar eng yuqori ball to‘plagan talabgor ikkinchi bosqichda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.
Agar bir nechta talabgor bir xil ball to‘plasa, ularga quyidagi ketma-ketlikda ustunlik beriladi:
- S toifa savollari bo‘yicha yuqori ball;
- B toifa savollari bo‘yicha yuqori ball;
- A toifa savollari bo‘yicha yuqori ball.
Oʻquvchilar barcha toifadagi savollar boʻyicha bir xil umumiy va teng ball toʻplagan taqdirda, ular tugʻilgan sanasi boʻyicha saralanadi, bunda yoshroq oʻquvchilarga ustunlik beriladi.
Agarda bu holatda ham tenglik saqlanib qolsa, qabul komissiyasi tomonidan oʻquvchilarga qoʻshimcha topshiriqlar beriladi.
2-bosqichda qaysi fanlardan imtihon olinadi?
Ikkinchi bosqich kirish imtihonlari quyidagi fanlardan test shaklida oʻtkaziladi:
— matematika fanidan tanqidiy fikrlash va muammoni yechish boʻyicha 40 ta;
— ingliz tili fanidan grammatika (Grammar component) va matn bilan ishlash (Reading component) boʻyicha 40 ta test savollari.
Ikkinchi bosqich natijasiga koʻra eng yuqori ball olgan 24 nafar talabgor qabul qilinadi. Agar bunda 24-oʻrin atrofida tenglik boʻlsa, muammoni yechish va tanqidiy fikrlash yoʻnalishlarining jamlanma bali boʻyicha eng yuqori ball toʻplagan nomzodga, agar shunda ham natijalar teng boʻlsa, imtihonda javobi belgilangan masalalar toifalarining har biri boʻyicha yuqori ball toʻplagan oʻquvchilarga quyidagi tartibda ustunlik beriladi:
— muammoni yechish yoʻnalishidagi savollar boʻyicha yuqori ball toʻplaganlar;
— tanqidiy fikrlash yoʻnalishidagi savollar boʻyicha yuqori ball toʻplaganlar;
— ingliz tilidan matn bilan ishlash (Reading component) yoʻnalishidagi savollar boʻyicha yuqori ball toʻplaganlar;
— ingliz tili grammatikasidan (Grammar component) tuzilgan savollar boʻyicha yuqori ball toʻplaganlar.
Oʻquvchilar barcha toifadagi savollar boʻyicha bir xil umumiy va teng ball toʻplagan taqdirda, ular tugʻilgan sanasi boʻyicha saralanadi, bunda yoshroq oʻquvchilarga ustunlik beriladi.
Agarda bu holatda ham tenglik saqlanib qolsa, qabul komissiyasi tomonidan oʻquvchilarga qoʻshimcha topshiriqlar beriladi.
Prezident maktablariga hujjat topshirish jarayonida ixtiyoriy ravishda hududdagi ixtisoslashtirilgan maktablardan birini tanlagan hamda Prezident maktablarining 2-bosqichida ishtirok etib, yakunda o‘qishga qabul qilinmagan 48 nafar o‘quvchi ballar ketma-ketligiga ko‘ra hujjat topshirgan ixtisoslashtirilgan maktabning aniq fanlar yo‘nalishi uchun belgilangan qabul kvotasining 50 foizidan oshmagan holda o‘qishga qabul qilinadi.
