Nizomga koʻra, Xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktablarga hujjatlarni qabul qilish boshlanishidan kamida 10 kun oldin qabul qilish tartibi, hujjatlarni topshirish muddatlari va qabul kvotalari toʻgʻrisida eʼlon qilinishi belgilangan. 2026-2027-oʻquv yili uchun hujjatlar qabuli 1-4-sinflar uchun 4-iyungacha, 5-7-sinflar uchun esa 14-iyungacha davom etdi.
Ixtisoslashtirilgan maktabga oʻquvchilarning quyidagi hujjatlari onlayn shaklda Agentlikning rasmiy veb-sayti orqali qabul qilinadi:
– imtihon ruxsatnomasini shakllantirish jarayonida foydalanish uchun oʻquvchining oxirgi 2 oy davomida tushgan fotosurati;
— oʻquvchining tugʻilganlik haqida guvohnomasi va ularning ota-onasi (qonuniy vakili) fuqarolik pasporti maʼlumotlari, bogʻlanish uchun telefon raqamlari.
Hujjat topshirish jarayonida oʻquvchilarning ota-onasi (qonuniy vakili) kirish imtihonlari shartlari va talablari bilan tanishganligi toʻgʻrisidagi onlayn ofertani tasdiqlashi shart.
Eslatma! Quyidagi hollarda oʻquvchilarning hujjatlari qabul qilinmaydi:
– belgilangan muddatlardan keyin kirish imtihonida ishtirok etish xohishi bildirilganda;
— taqdim etilgan hujjatlarning soxta ekanligi aniqlanganda;
— umumiy oʻrta taʼlim muassasasining tegishli sinfida oʻqishni toʻliq tamomlagan oʻquvchilar tomonidan ixtisoslashtirilgan maktabning shu sinfida takroran oʻqish istagi bildirilganda.
Kirish imtihonlari qay tartibda oʻtkaziladi?
Xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari ayrim sinf oʻquvchilar uchun bir bosqichda, ayrimlari uchun ikki bosqichda oʻtkaziladi. Shuningdek, sinov va test topshiriqlari ham sinflar orasida turlicha boʻladi.
Masalan, maktabga tayyorlov guruhi hamda 1-sinflar uchun kirish imtihonlari ikki bosqichda oʻtkazilsa, qolgan barcha sinflar uchun bir bosqichli imtihon boʻladi.
Birinchi bosqich mantiqiy fikrlash boʻyicha maktabga tayyorlov guruhi uchun 10 ta, 1-sinf uchun 20 ta test shaklida oʻtkaziladi. Ikkinchi bosqich psixologik va intellektual qobiliyat darajasini aniqlash boʻyicha turli darajadagi suhbatlar shaklida oʻtkaziladi.
Kirish imtihonlari qolgan sinflar uchun qiyidagi tartibda boʻlib oʻtadi:
2-sinf uchun matematika fanidan 15 ta, ingliz tili fanidan 10 ta test savollari shaklida;
3-sinf uchun matematika fanidan 20 ta, ingliz tili fanidan 10 ta test savollari shaklida;
4-sinf uchun matematika fanidan 20 ta, ingliz tili fanidan 15 ta test savollari shaklida;
5 — 11-sinflar uchun bir bosqichda matematika fanidan 20 ta, ingliz tili fanidan 25 ta test savollari shaklida oʻtkaziladi.
Ayrim oʻquvchilar bir xil natijaga erishgan holatlarda ular qanday saralanadi?
Kirish imtihonlari yakunlari boʻyicha oʻquvchilar oʻrtasida teng natijalar yuzaga kelganda, oʻquvchilarga quyidagi tartibda ustunlik beriladi:
– maktabga tayyorlov guruhi hamda 1-sinfda psixologik qobiliyat darajasini aniqlash yoʻnalishidagi savollar boʻyicha yuqori ball toʻplaganlar;
— 2 — 4-sinflarda matematika fanidan yuqori ball toʻplaganlar; — 5 — 11-sinflarda ingliz tili fanidan yuqori ball toʻplaganlar.
Agar yuqorida qayd etilgan fanlar boʻyicha ham tenglik saqlanib qolsa, ular tugʻilgan sanasi boʻyicha saralanadi, bunda yoshroq oʻquvchilarga ustunlik beriladi. Agarda bu holatda ham tenglik saqlanib qolsa, Qabul komissiyasi tomonidan oʻquvchilarga qoʻshimcha topshiriqlar beriladi.
Kirish imtihonlari natijalari imtihon topshirilgan kundan keyin 20 kun ichida Agentlik va ixtisoslashtirilgan maktabning rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinadi. Oʻquvchilar kirish imtihonlari natijalaridan norozi boʻlgan taqdirda, natija eʼlon qilingan vaqtdan boshlab 3 ish kuni ichida apellyatsiya arizasini berish kerak boʻladi.
Muhim! Ixtisoslashtirilgan maktabga qabul qilingan oʻquvchi oʻqishni davom ettirmagan holatlarda, uning oʻrniga oʻqishga kira olmaganlar orasidan ballar ketma-ketligi boʻyicha navbatdagi oʻquvchi taklif qilinadi.
Navbatdagi oʻquvchi ballar ketma-ketligi boʻyicha undan oldingi oʻquvchining ota-onasi (qonuniy vakili) tomonidan oʻqishni maktabda davom ettirish istagi mavjud emasligini tasdiqlovchi hujjat olinganidan soʻng qabul qilinadi.
