Qoraqalpog‘istonlik o‘quvchi Ruzimov Xursand Malayziyadagi Xiamen University Malaysia va Alfa University College universitetlariga to‘liq grant asosida qabul qilindi. O‘quvchi bu natijaga erishish uchun ikki yil davomida ingliz tili va matematika fanlariga tayyorlanganini ta’kidlaydi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani Mang‘it shahridagi 36-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Ruzimov Xursand Malayziyadagi Xiamen University Malaysia hamda Alfa University College oliygohlariga to‘liq grant asosida qabul qilindi.
Xursandning Talimxabarlari.uz’ga ma’lum qilishicha, xorijda ta’lim olish orzusi unda 8-sinfda paydo bo‘lgan.
“Xorijdagi ta’lim tizimi menga juda qiziq tuyulgan. U yerda inson o‘ziga kerakli bilim va ko‘nikmalarni chuqur egallaydi. Men ham yaxshi mutaxassis bo‘lib, keyinchalik yurtim rivojiga hissa qo‘shishni maqsad qilganman”, — deydi u.
Bu maqsad uni ikki yil davomida ingliz tili va matematika fanlariga jiddiy tayyorlanishga undagan. Shu davr ichida u IELTS imtihonidan 5.5 ballik natijani qo‘lga kiritgan.
Biroq xorijiy universitetlarga kirish uchun faqat IELTS yetarli emas edi. Xursand hujjat topshirish jarayonlarini ham mustaqil o‘rganishga harakat qilgan.
“Oxirgi ikki yil davomida nafaqat fanlarga, balki chet el universitetlariga hujjat topshirish jarayonlariga ham tayyorlandim. Bu ham alohida bilim va tajriba talab qiladi”, — deydi u.
Malayziya uning e’tiborini bir necha omillar bilan tortgan. Avvalo, bu musulmon davlati ekani, yashash xarajatlarining nisbatan arzonligi va ta’lim sifatining yuqoriligi muhim rol o‘ynagan.
“Universitet joylashgan hududning tabiati ham menga juda yoqdi. Eng muhimi, ta’lim sifati yuqori va xalqaro imkoniyatlar keng”, — deydi Xursand.
Universitetlarga hujjat topshirish jarayonida undan motivatsion xat, esse, GPA ko‘rsatkichlari, ijtimoiy faollik va volontyorlik faoliyatini tasdiqlovchi hujjatlar talab qilingan.
Bir necha oy davom etgan kutishlardan so‘ng, mart oyida unga qabul xati kelgan.
“Bir emas, ikkita universitetdan to‘liq grant asosida qabul xati oldim. O‘sha paytdagi his-tuyg‘ularimni so‘z bilan ifodalash qiyin. Juda xursand bo‘ldim”, — deydi u.
Xursandning ta’kidlashicha, IELTS imtihoniga tayyorlanish jarayoni ham oson kechmagan.
“Bu imtihon sabr, intizom va davomiy mehnat talab qiladi. Shu bilan birga, IELTS imtihoniga tayyorlanayotgan o‘quvchilarga shuni aytgan bo‘lardimki, ular o‘z ustida ko‘proq ishlashi kerak va natijaga ishonishlari kerak”, — deydi u.
Uning muvaffaqiyatida ota-onasi va ustozlarining hissasi ham katta bo‘lgan. Xususan, maktab direktori O‘ktam Bidashev, direktor o‘rinbosari Davletov Vahob, o‘qituvchilari Charshamov Xushnud, Rasulova Sayyora hamda Qurbonboyev Omonboy uni doim qo‘llab-quvvatlaganini ta’kidlaydi.
Xursand xorijiy universitetlarga topshirayotgan o‘quvchilar ko‘pincha GPA ko‘rsatkichlariga yetarli e’tibor bermasligi yoki hujjat topshirish tartiblarini puxta o‘rganmasligini asosiy xatolardan biri sifatida ko‘rsatadi.
“Universitetlarning talablarini oldindan o‘rganish kerak. GPA yuqori bo‘lishi, barcha hujjatlar to‘liq tayyorlanishi va topshirish muddatlari o‘tkazib yuborilmasligi juda muhim”, — deydi u.
Hozirda Xursand xorijda ta’lim olish uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda va o‘z ustida ishlashda davom etmoqda.
“Kelajakda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallab, yurtimga qaytishni va davlatim rivojiga o‘z hissamni qo‘shishni istayman”, — deydi u.
Avvalroq, AQShning Cornell University universitetiga to‘liq grant asosida qabul qilingan oʻquvchi bilan suhbat qilgan edik.
