Texnikum va akademik litsey xodimlarining ish haqi umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari xodimlari darajasiga tenglashtiriladi

Texnikum va akademik litsey xodimlarining ish haqi umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari xodimlari darajasiga tenglashtiriladi

Muhokamalar portaliga akademik litsey va texnikumlar xodimlari mehnatiga haq toʻlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan hukumat qarori loyihasi joylashtirildi. Loyiha bilan ayrim lavozimlarning bazaviy tarif stavkalari umumtaʼlim va oliy taʼlim muassasalari xodimlari darajasiga tenglashtirilishi, ilmiy darajaga ega pedagoglar uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish hamda ragʻbatlantirish mexanizmlarini kengaytirish taklif etilmoqda.

 

Muhokamalar portaliga “Akademik litsey va texnikumlar xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish toʻgʻrisida” gi hukumat qarori loyihasi joylashtirildi.

 

Unga koʻra, ishlab chiqarish taʼlim ustasi shtat birliklari uchun ajratiladigan ish haqi fondini hisoblashda ishlab chiqarish taʼlimi ustasi bazaviy tarif stavkasi umumiy oʻrta taʼlim tashkiloti birinchi malaka toifali oʻqituvchisining bazaviy tarif stavkasiga, texnikumlarning rahbar, pedagog va boshqa xodimlari mehnatga haq toʻlash shartlariga koʻra umumiy oʻrta taʼlim tashkilotining tegishli xodimlariga tenglashtiriladi.

 

Shuningdek, texnikumlarning umumtaʼlim fani oʻqituvchilari uchun ularning ish haqi fondiga nisbatan 10 foiz, boshqa xodimlar uchun esa 20 foiz miqdorida ragʻbatlantirish jamgʻarmasi shakllantiriladi.

 

Loyihaga muvofiq, kademik litseylarning fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD), shuningdek fan doktori yoxud fan doktori (DSc) ilmiy darajalariga, professor yoki dotsent ilmiy unvonlariga ega boʻlgan pedagog xodimlari mehnatga haq toʻlash shartlariga koʻra oliy taʼlim muassasasi katta oʻqituvchisiga tenglashtiriladi. Shu bilan birga:

 

– texnikumlarning fan nomzodi yoki falsafa doktori (Phd), fan doktori yoxud fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga, shuningdek, professor yoki dotsent ilmiy unvonlariga ega boʻlgan xodimlar mehnatiga haq toʻlash shartlari — direktor oliy taʼlim tashkilotining dekaniga, direktor oʻrinbosari dekan oʻrinbosariga, boʻlim boshligʻi, oʻqituvchi, katta usta va ishlab chiqarish taʼlimi ustalari oliy taʼlim tashkiloti katta oʻqituvchisi uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash shartlariga;

 

– texnikum boʻlim boshligʻining va katta ustaning bazaviy tarif stavkalari mos ravishda umumiy oʻrta taʼlim tashkilotining oliy malaka toifali oʻqituvchisi bazaviy tarif stavkalariga;

 

– akademik litsey direktori va direktor oʻrinbosarlarining bazaviy tarif stavkalari mos ravishda umumiy oʻrta taʼlim tashkiloti direktori va direktor oʻrinbosarlarining bazaviy tarif stavkalariga;

 

– texnikumlar uslubchisining bazaviy tarif stavkasi umumiy oʻrta taʼlim tashkiloti ikkinchi malaka toifali oʻqituvchisining bazaviy tarif stavkasiga;

 

– akademik litsey pedagog va psixologining bazaviy tarif stavkalari mos ravishda umumiy oʻrta taʼlim tashkilotining tegishli xodimlari uchun belgilangan bazaviy tarif stavkalariga;

 

– akademik litsey va texnikumlarning taʼlim sifatini taʼminlash boʻlimi bosh mutaxassisi bazaviy tarif stavkalari direktor oʻrinbosari bazaviy tarif stavkalariga tenglashtiriladi.

Akademik litseylarda direktor, direktorning oʻquv-tarbiya jarayoni bilan bevosita bogʻliq boʻlgan oʻrinbosarlari (oʻquv ishlari va yoshlar bilan ishlash boʻyicha oʻrinbosarlar) hamda psixologining bazaviy lavozim maoshlariga har oy 20 foiz miqdorida ustama belgilanadi. Ayrim chuqur oʻrganiladigan fanlar oʻqituvchilariga esa chuqur oʻrganiladigan fanlar boʻyicha amalda oʻtkazilgan darslar uchun 20 foiz ustama toʻlanadi.

Akademik litseylarda Direktor jamgʻarmasi mablagʻlari:

 

– akademik litseyning yuqori kasb mahoratiga ega boʻlgan va oʻquv-tarbiya jarayoni sifatini oshirishga aniq shaxsiy hissa qoʻshayotgan oʻqituvchilari bazaviy tarif stavkalariga har oylik ustamalar belgilash;

 

– akademik litsey direktor, direktor oʻrinbosari, oʻqituvchilari va boshqa xodimlariga bir yoʻla mukofotlar toʻlash va moddiy yordam koʻrsatish;

 

– akademik litsey direktori, direktor oʻrinbosariga belgilangan samaradorlik koʻrsatkichlariga (KPI) erishish natijalariga koʻra Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan bazaviy tarif stavkalariga nisbatan har oylik ustamalar belgilanadi.

 

Avvalroq, texnikum o‘quvchilariga “Work and travel” dasturi uchun ssuda ajratilishi haqida xabar bergan edik.