Qozog‘istonning Pavlodar viloyatida yashovchi 18 yoshli Jankeldi Darmenov ko‘zi ojiz insonlar uchun mo‘ljallangan aqlli ko‘zoynak yaratdi. Loyiha unga 1 million tengedan ortiq investitsiya keltirgan.
Qozog‘istonning Pavlodar viloyatida yashovchi 18 yoshli Jankeldi Darmenov 7-sinfdan buyon NIS (Nazarboyev Intellektual Maktabi)da tahsil oladi. Yaqin vaqtgacha u Bayqo‘ng‘ir kosmodromi va Irtish daryosiga oid loyihalar ustida ishlagan. Endi esa uning ko‘zi ojiz insonlar uchun mo‘ljallangan aqlli ko‘zoynakning ishlaydigan prototipi mavjud.
Qurilma ultratovush datchiklari, kamera va sun’iy intellekt asosidagi navigatsiya tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, foydalanuvchilarga mustaqil harakatlanishga yordam beradi. Loyiha allaqachon ikki vazirlik tomonidan ma’qullangan va 1 million tenge (24 mln 588 ming so‘m) dan ortiq investitsiya jalb qilgan.
G‘oya qanday paydo bo‘ldi?
2024-yil dekabr oyida Jankeldi Olmaota metrosida ko‘zi ojiz yigit platforma chetini sezmay poyezd ostiga tushib ketgani haqidagi xabarni o‘qib qoladi.
Bu voqea meni qattiq larzaga soldi. Ko‘rish qobiliyatida muammosi bo‘lgan insonlar ko‘pincha juda himoyasiz bo‘lib qoladi. Hamma joy ham ular uchun moslashtirilmagan. Notanish joylarda harakatlanish esa yanada qiyin, — deydi u.
Shundan so‘ng, u ko‘zi ojiz insonlarga mustaqil harakatlanish imkonini beradigan qurilma yaratishga qaror qiladi.
‘‘Aqlli’’ ko‘zoynak qanday ishlaydi?
Qurilma 3 ta asosiy texnologik qismdan iborat:
Birinchisi — ultratovush datchiklari. Ular foydalanuvchi oldidagi to‘siqlarni aniqlab, ovozli signal beradi. Tizim ko‘rshapalaklarning exolokatsiya usuliga o‘xshash tamoyil asosida ishlaydi.
Ikkinchisi — kamera. Kamera oldinda turgan obyektlarni aniqlaydi, ulargacha bo‘lgan masofani hisoblaydi va bu haqda ovozli ma’lumot beradi. Shuningdek, u peshlavha, ko‘rsatkich va boshqa yozuvlarni ham o‘qib bera oladi.
Uchinchisi — Bluetooth orqali bog‘langan mobil ilova. Foydalanuvchi faqat qayerga borishini aytadi, sun’iy intellekt esa marshrutni tuzib, ovozli ko‘rsatmalar orqali manzilga olib boradi.
Loyihada PydanticAI, LLM modellari, MapTiler va Google Maps texnologiyalaridan foydalanilgan.
Digital Business nashrining yozishicha, prototip pavlodarlik ko‘zi ojiz fuqaro Gulnora Adamjanova ishtirokida 4 marotaba sinovdan o‘tkazilgan. Sinovlar davomida datchiklar to‘siqlarni tez va aniq aniqlagan, navigatsiya tizimi esa foydalanuvchini manzilgacha ovozli ko‘rsatmalar bilan olib borgan.
‘‘Loyiha bir million tengedan ortiq mablag‘ jalb qildi’’
Jankeldi Astanadagi NIS o‘quvchisi Madina Jasaganbergen bilan birgalikda ITMLAB 2.0 tanlovida qatnashib, final bosqichiga chiqqan.
Finalda loyiha 40 dan ortiq investor va mehnat hamda ijtimoiy himoya vaziri oldida taqdim etilgan. Natijada, loyiha 600 ming tenge mukofot puli olgan.
Bundan tashqari, Bulat Utemuratov jamg‘armasi 300 ming tenge ajratishga qaror qilgan. Loyiha avvalroq NIS Alumni tashkilotidan 100 ming tenge va Ekibastuz hokimligidan 50 ming tenge ham olgan.
Shu tariqa, jalb qilingan mablag‘larning umumiy miqdori 1 million tengedan oshdi. Mablag‘lar dasturchilarni yollash, yangi datchiklar xarid qilish va mahsulotni takomillashtirishga sarflangan.
Kelajak rejalari
Hozirgi prototipning tannarxi 15 ming tengeni tashkil qiladi. Tayyor mahsulot esa taxminan 40–45 ming tenge narxda sotilishi rejalashtirilgan.
Yaqin kelajakda Jankeldi ko‘zoynakni yanada yengil, ixcham va qulay qilishni, plastik qismlarni uglerod tolasi bilan almashtirishni hamda bir sutka ishlay oladigan batareya tizimini joriy etishni rejalashtirmoqda.
Qozog‘iston Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 85 mingdan ortiq ko‘zi ojiz yoki ko‘rishida nuqsoni bo‘lgan insonlar yashaydi. Jankeldining fikricha, uning ishlanmasi aynan shu insonlarning kundalik hayotini yengillashtirishga xizmat qiladi.
Kelajakda u sun’iy intellekt va muhandislik yo‘nalishida faoliyat yuritishni maqsad qilgan. Hozircha esa u o‘z g‘oyasi bilan kamida bir insonning hayotini yaxshilashga muvaffaq bo‘lgan yosh ixtirochi sifatida e’tirof etilmoqda.
Avvalroq, Samarqandda 4-kurs talabasi zaif ko‘ruvchilar uchun “aqlli” ko‘zoynak ishlab chiqqani haqida xabar berilgandi.


