Xitoyda oliy ta’limga kirish uchun o‘tkaziladigan milliy Gaokao imtihoniga ro‘yxatdan o‘tganlar soni ketma-ket ikkinchi yil kamaydi. Mutaxassislar bu holatni demografik o‘zgarishlar, mehnat bozoridagi bosim hamda yoshlar orasida kasb-hunar va texnik ta’limga qiziqish ortib borayotgani bilan izohlamoqda.
Xitoyda oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun o‘tkaziladigan milliy imtihon — Gaokao uchun ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 2026-yilda kamaygani kuzatildi. Bu haqda Reuters axborot agentligi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda imtihonda qatnashish uchun 12,9 million nafar o‘quvchi ro‘yxatdan o‘tgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 450 ming nafarga kam bo‘lib, ketma-ket ikkinchi yil davomida pasayish qayd etilmoqda.
Tahlilchilarning fikricha, bunga bir qator omillar sabab bo‘lgan. Xususan, universitet yoshidagi aholi sonining qisqarishi va mehnat bozoridagi raqobatning ortishi asosiy omillar sifatida ko‘rsatilgan.
Bundan tashqari, yoshlar orasida kasb-hunar hamda texnik yo‘nalishdagi ta’limga qiziqish kuchayib borayotgani oliy ta’limga bo‘lgan talabning nisbatan pasayishiga ta’sir qilmoqda.
Shuningdek, ayrim hududlarda texnik va kasbiy ta’lim muassasalariga qabul uchun raqobat sezilarli darajada kuchaygani ta’kidlanmoqda.
Avvalroq, Xitoy ta’lim tizimining barcha bosqichlariga sun’iy intellektni joriy etishni rejalashtiryotgani haqida xabar bergan edik.
