Xitoy Xalq Respublikasi Ta’lim vazirligi “Sun’iy intellekt + ta’lim” harakatlar rejasini taqdim etdi. Ushbu hujjat mamlakat ta’lim tizimini raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini barcha bosqichlarga keng joriy etishga qaratilgan.
Rejaga ko‘ra, Xitoy 2030-yilga borib barcha ta’lim bosqichlarini qamrab olgan hamda keng jamoatchilikka yo‘naltirilgan kompleks sun’iy intellekt ta’lim tizimini shakllantirishni maqsad qilgan. Unda boshlang‘ich va o‘rta maktablarda sun’iy intellekt ta’limini tez joriy etish, maxsus kurslar tashkil etish hamda uni turli fanlar tarkibiga integratsiya qilish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, o‘quvchilarning darsdan tashqari mashg‘ulotlari va amaliy faoliyatlariga ham AI bilan bog‘liq bilimlarni kiritish orqali ularning amaliy tajribasini kengaytirish rejalashtirilgan.
Oliy ta’lim muassasalarida esa sun’iy intellekt barcha talabalar uchun asosiy fanlardan biriga aylantiriladi. Universitetlarga fanlararo yondashuv asosida AI bilan bog‘liq kurslar ishlab chiqish tavsiya etiladi.
Bundan tashqari, sun’iy intellekt o‘qitish jarayonini qo‘llab-quvvatlash vositasi sifatida ham keng qo‘llanadi. U o‘qituvchilarning yuklamasini kamaytirish, uy vazifalarini boshqarish, avtomatlashtirilgan baholash, savol-javob va repetitorlik tizimlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, AI yordamida dars jarayonlarini tahlil qilish, o‘qituvchilarga o‘qitish sifatini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar berish ham ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, sun’iy intellekt o‘qituvchilar malaka imtihonlari va sertifikatlash jarayonlariga ham kiritiladi.
Xitoyning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida esa sun’iy intellekt allaqachon keng qo‘llanilmoqda. Jumladan, Tsinghua universitetida 440 dan ortiq sun’iy intellekt asosidagi kurslar joriy etilgan bo‘lsa, Fudan universitetida “X + AI” yo‘nalishidagi yuzdan ortiq ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yilgan.
Bundan tashqari, Pekin shahrida sun’iy intellekt butun ta’lim tizimiga bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Maktablarda sun’iy intellekt bo‘yicha majburiy minimal o‘quv dasturi joriy qilingan, universitet va kollejlarda esa 459 ta umumiy sun’iy intellekt kurslari ochilgan.
Avvalroq, AQShdagi qator universitetlar sun’iy intellektning ta’lim jarayoniga ta’siri ortib borayotgani sababli baholash tizimini o‘zgartirayotganligi haqida xabar bergan edik.
