Foizsiz ta’lim kreditlari kimlarga ajratiladi?

Foizsiz ta’lim kreditlari kimlarga ajratiladi?

Oliy va professional ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan ayrim toifadagi talabalar ta’lim kreditini foizsiz rasmiylashtirish imkoniyatiga ega.

 

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda 12 ta tijorat banki orqali ta’lim kreditlari ajratib kelinmoqda.

 

Qayd etilishicha, 2021–2025-yillar davomida qariyb 626 ming nafar talabaga jami 7,1 trillion so‘m ta’lim krediti berilgan. Kredit olganlarning 79 foizi (497 ming) xotin-qizlardir.

 

Banklar ta’lim kreditini Markaziy bank stavkasida ajratadi. Ammo quyidagi 4 ta toifaga foiz stavkalari jamg‘arma tomonidan to‘liq qoplab beriladi, ya’ni ularga foizsiz (0%) kredit beriladi:

 

  1. Xotin-qizlar: Respublikadagi barcha xususiy, xorijiy va davlat OTMlari hamda texnikumlarda kunduzgi shaklda o‘qiydigan xotin-qizlar.
  2. Qoraqalpog‘istonlik yoshlar: Qoraqalpog‘istonda maktab yoki kollejni bitirib, viloyatlardagi davlat OTMlariga qo‘shimcha kvota (grant emas, kontrakt) asosida o‘qishga kirganlar.
  3. Ehtiyojmand oilalar farzandlari: “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan, OTMda o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 70% dan yuqori (GPA balli 3.5 va undan yuqori) bo‘lgan talabalar.
  4. Harbiy xizmatchilar: Muddatli harbiy xizmatni o‘tash davrida OTMga kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan askarlar.

 

Ta’lim krediti rasmiylashtirishni rejalashtirganlar ushbu imtiyozlardan foydalanishlari mumkin.