Endi ayrim litsey o‘quvchilari BHMning ikki baravarigacha stipendiya oladi

Endi ayrim litsey o‘quvchilari BHMning ikki baravarigacha stipendiya oladi

Akademik litsey o‘quvchilari uchun yangi rag‘batlantirish tizimi joriy etildi. Endilikda xalqaro va respublika olimpiadalari g‘oliblari, kamida ikkita milliy yoki xalqaro sertifikatga ega o‘quvchilar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillari oliy ta’lim muassasalari mablag‘lari hisobidan stipendiya va moddiy yordam olishi mumkin.

 

Adliya vazirligi oliy ta’lim muassasalarining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan akademik litseylarning o‘qituvchi va o‘quvchilarini moddiy qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilgan o‘zgartirishni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

 

Mazkur o‘zgartirishga ko‘ra, akademik litseylarning quyidagi o‘quvchilari oliy ta’lim muassasasi tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan moddiy rag‘batlantiriladi:

 

– xalqaro va respublika miqyosidagi olimpiadalar g‘oliblari (1, 2 va 3-o‘rin sohiblari);

 

– oliy ta’limning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda imtiyoz beradigan xorijiy tillarni bilish darajasini belgilovchi va (yoki) umumta’lim fanlari bo‘yicha milliy yoki xalqaro tan olingan kamida 2 ta sertifikatga ega bo‘lganlar;

 

– aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlaridan bo‘lgan o‘quvchilar.

 

Moddiy rag‘batlantirish har oyda bir o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) ikki barobaridan ortiq bo‘lmagan miqdorda oylik stipendiya hamda bir yilda bir o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) olti barobaridan ortiq bo‘lmagan miqdorda bir yo‘la to‘lanadigan moddiy yordam ko‘rinishida amalga oshiriladi.

 

Avvalroq, oliy ta’lim tashkilotlari huzuridagi akademik litsey va ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul kvotalari tasdiqlangani haqida xabar bergan edik.