2026/2027-o‘quv yili uchun oliy ta’lim tashkilotlari huzuridagi akademik litsey va ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul kvotalari tasdiqlandi. Litseylar uchun 14 898 ta, ixtisoslashtirilgan maktablar uchun 200 ta kvota ajratilgan.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining “Oliy ta’lim tashkilotlari huzuridagi akademik litseylar hamda ixtisoslashtirilgan maktablarga 2026/2027-oʻquv yili uchun qabul parametrlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrug‘i imzolandi.
Unga ko‘ra, 2026/2027-o‘quv yili uchun akademik litseylar va ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul kvotalari tasdiqlandi.
Shuningdek, qabul jarayonini samarali tashkil etish maqsadida 2026-yil 1-iyundan boshlab 7–9 nafar a’zodan iborat Maslahat kengashlari tashkil etiladi.
Akademik litsey va ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul kvotalari bilan batafsil quyidagi havolada tanishishingiz mumkin:
2026/2027-o‘quv yili uchun 69 ta akademik litseyga jami 14 898 ta kvota ajratilgan.
Shundan:
— o‘zbek tili — 12 116 ta;
— rus tili — 2 340 ta;
— qoraqalpoq tili — 442 ta.
Hujjatlar 10-iyundan boshlab my.edu.uz portali orqali onlayn qabul qilinadi.
Shuningdek, 2026/2027-o‘quv yili uchun 3 ta ixtisoslashtirilgan maktabga jami 200 ta kvota ajratilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2026/2027-oʻquv yili uchun akademik litseylarga qabuldagi fanlar majmuasi, test topshiriqlari soni hamda baholash mezonlarini e’lon qilingan edi.
