Qozog‘istonda maktab o‘quvchilari va talabalarga sun’iy intellekt bilan ishlash bo‘yicha dastlabki bilimlarni o‘rgatuvchi markaz tashkil etildi.
Qozog‘istonning O‘ral shahrida “AI Hub” nomli sun’iy intellekt markazi ochildi.
Ushbu markazda maktab o‘quvchilari va talabalar sun’iy intellekt bilan ishlash bo‘yicha dastlabki ko‘nikmalarni bepul egallashi hamda o‘zlarining IT-loyihalarini ishlab chiqishda kuch sinab ko‘rishi mumkin bo‘ladi.
Darslar amaliy mashg‘ulotlar asosida tashkil etiladi. O‘quvchilarga tajribali mutaxassislar saboq beradi. Shuningdek, mahorat darslari, seminarlar va real vazifalar ustida jamoaviy ishlash dasturlari ham bo‘lib o‘tadi.
Loyiha G‘arbiy Qozog‘iston viloyati prokuraturasi tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan. Uning asosiy maqsadi — nafaqat yoshlarning raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirish, balki davlat va huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kadrlar zaxirasini shakllantirishga ham qaratilgan.
Loyiha rahbari Mixail Dudnichenkovning aytishicha, o‘quv kursi 1,5 oy davom etadi. Mashg‘ulotlar haftasiga ikki marta, 1,5–2 soatdan o‘tkaziladi.
Bu vaqt ichida yoshlar sun’iy intellektning asosiy imkoniyatlari va dasturlash yo‘nalishlari bilan tanishadi. Agar ishtirokchilarda xususiy tashkilotlar yoki davlat muassasalari faoliyatini yaxshilashga xizmat qiladigan qiziqarli g‘oyalar paydo bo‘lsa, biz bunday loyihalarni albatta qo‘llab-quvvatlaymiz va ularni amalga oshirishda yordam beramiz, — ta’kidlaydi u.
