Mehnat kodeksiga koʻra, taʼtil davri uchun xodimga oʻrtacha ish haqi saqlanadi hamda unga barcha qoʻshimcha toʻlovlar, jumladan ustama va mukofotlar ham kiritiladi. Taʼtil pulini hisoblashda soʻnggi 12 oylik daromadlar va uzaytirilgan taʼtil kunlari inobatga olinishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 233-moddasiga koʻra, har yilgi mehnat taʼtilida boʻlgan vaqti uchun xodimga oʻrtacha ish haqining saqlanishi kafolatlanadi. Mazkur kodeksning 248-moddasiga asosan, ish haqi asosiy va qoʻshimcha qismlardan iborat boʻlib, qoʻshimcha toʻlovlar, ustamalar, mukofotlar va ragʻbatlantirish xususiyatiga ega boshqa toʻlovlar ish haqining tarkibiga kiradi.
Bundan tashqari, Mehnat kodeksining 257-moddasida oʻrtacha ish haqini hisoblab chiqarish tartibi qatʼiy belgilangan. Ushbu moddaning ikkinchi qismiga koʻra, oʻrtacha ish haqini hisoblab chiqarish uchun xodimga hisoblangan ish haqining tarkibiga soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan, soliq solinishi lozim boʻlgan, ish beruvchi tomonidan haqiqatda toʻlangan mehnatga haq toʻlash tarzidagi barcha daromadlar kiritiladi.
Demak, oʻqituvchilar maoshiga qoʻshimcha ravishda toʻlanadigan 50% li (milliy sertifikat uchun) va 70% li ustamalar mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromad hisoblanadi va ular taʼtil pulini hisoblashda albatta inobatga olinishi shart.
Taʼtil puli qancha va qanday hisoblanadi?
Mehnat kodeksining 257-moddasi 3-qismiga muvofiq, oʻrtacha ish haqi taʼtilga chiqadigan oydan oldingi oʻn ikki kalendar oy uchun hisoblangan mehnatga haq toʻlash tarzidagi barcha daromadlar summasining oʻn ikkidan bir qismi miqdorida belgilanadi.
Soʻngra, oʻrtacha kunlik ish haqini topish uchun mazkur chiqqan oʻrtacha oylik maosh (jamlangan barcha ustamalar bilan birga) ish kunlarining oʻrtacha oylik soniga (25,3 ga) boʻlinadi.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 26-iyundagi 263-sonli qaroriga muvofiq, umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻqituvchilariga 56 kalendar kun uzaytirilgan mehnat taʼtili beriladi. Xodimning oʻrtacha kunlik ish haqi mana shu taʼtil kunlariga koʻpaytirilib, taʼtil puli chiqariladi (bunda Mehnat kodeksining 233-moddasiga asosan yakshanba kunlari inobatga olinmaydi).
Avvalroq, oʻqituvchi “Dolzarb 90 kunlik” uchun taʼtildan chaqirib olinsa, ishlangan vaqt uchun oylik ish haqi hisoblanishi haqida xabar bergan edik.
