Kimyo va biologiya A+: qoraqalpogʻistonlik oʻquvchi maksimal ball bilan muddatidan oldin talaba boʻldi

Kimyo va biologiya A+: qoraqalpogʻistonlik oʻquvchi maksimal ball bilan muddatidan oldin talaba boʻldi

Qoraqalpogʻistonlik yana bir oʻquvchi muddatidan oldin maksimal ball bilan talaba boʻldi.

 

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toʻrtkoʻl tumanidagi 30-maktabning 11-sinf oʻquvchisi Tashliyev Erkin tegishli barcha fandan milliy sertifikat olib, muddatidan oldin 189 ball bilan talabalikni naqd qildi.

 

Oʻquvchi kimyo (A+), biologiya (A+), matematika (B), tarix (C+) va ona tili (C+) fanlaridan milliy sertifikatlarni qoʻlga kiritgan.

 

Oʻquvchining soʻzlariga koʻra, u sertifikat olish uchun qoʻshimcha kurs va repetitorlarga bormagan, faqat maktabdagi oʻqituvchilari bilan birga darsda va darsdan tashqari shugʻullanishgan. Qiziqarli jihati shundaki, u barcha fanlardan birinchi urinishdayoq kerakli sertifikatni qoʻlga kiritgan. Oʻquvchining taʼkidlashicha, tayyorgarlik jarayonlarida deyarli hech qaysi fan qiyinchilik tugʻdirmagan.

 

Erkinning soʻzlariga koʻra, koʻp vaqt dars qilish emas, kam dars qilinsa ham qanchalik samarali shugʻullanish muhim, U maktabdagi darslardan tashqari har kuni 4-5 soat dars qilgan.

 

Boshqa oʻquvchilarda boʻlgani kabi Erkinda ham baʼzi holatlarda toʻxtash, vazifalardan zerikish, motivatsiya tushishi kabi holatlar kuzatilgani va bunday vaziyatdan “bugun oʻqimagan narsam, ertaga menga qiyinchilik tugʻdirishi mumkin” degan fikr olib chiqqanini eslab oʻtdi.

 

Uning fikricha, insonning 17-18 yoshda qilgan harakati va olgan bilimlari ertaga kim boʻlishini belgilab beradi va shu uchun, avvalo, maqsadni aniqlab olish va shunga tomon harakat qilish kerak. Inson oldiga maqsad qoʻydimi to shunga yetmaguncha toʻxtamaslik, duch kelgan sinovlarini yengib oʻtishi kerak deb hisoblaydi va tengqurlariga ham shularni tavsiya qildi.

 

Erkinning kelgusidagi oʻqish va ishlariga rivoj tilaymiz.