UC Berkeley Center for Studies in Higher Education tadqiqotchilari o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, sun’iy intellekt universitetlarda baholar “inflyatsiyasi”ni kuchaytirmoqda. Ya’ni ChatGPT paydo bo‘lgach, oliygohlarda a’lo baho oluvchi talabalar soni keskin oshgan. Bu haqda The Wall Street Journal xabar berdi.
UC Berkeley Center for Studies in Higher Education tadqiqotchilari generativ sun’iy intellekt oliy ta’limdagi “baholar inflyatsiyasi”ning yangi omiliga aylangan degan xulosaga keldi. Tadqiqotga ko‘ra, 2022-yilda ChatGPT ishga tushirilganidan so‘ng yozma va dasturlash topshiriqlari ulushi yuqori bo‘lgan universitet yo‘nalishlarida eng yuqori baholar soni keskin oshgan.
Tadqiqotchilar 2018–2025-yillar oralig‘ida AQShdagi yirik tadqiqot universiteti talabalarining 500 mingdan ortiq baholarini tahlil qilgan. Asosiy xulosaga ko‘ra, imkoniyatlari sun’iy intellektga mos keladigan — esse, dastur kodi va tahliliy matnlar kabi topshiriqlar mavjud kurslarda yuqori baholar ulushi 13 foiz punktga oshgan. Bu esa 2022-yil darajasidan qariyb 30 foiz yuqori degani.
Nima uchun baholar oshmoqda?
Tadqiqot mualliflari muammo — talabalar bilimining haqiqiy oshishi bilan bog‘liq emasligini ta’kidlamoqda. Ularning fikricha, eng ehtimoliy sabab — “mehnatni almashtirish” holati, ya’ni talabalar uy vazifalarini bajarishda sun’iy intellektdan foydalanmoqda.
Asosiy dalillardan biri shuki, baholar o‘sishi aynan uy vazifalarining yakuniy bahodagi ulushi katta bo‘lgan kurslarda kuchliroq kuzatilgan.
Auditoriyada o‘tkaziladigan imtihonlarga asoslangan fanlarda esa bu ta’sir ancha past bo‘lgan. Olimlarning fikricha, bu holat bilim va kompetensiyalar oshganini emas, balki sun’iy intellekt baholanadigan ishlarni bajarishda yordam berayotganini ko‘rsatadi.
Nimalar o‘zgardi?
Tadqiqot ma’lumotlariga ko‘ra:
— o‘rtacha baholar 0,12 punktga oshgan;
— baholar orasidagi farq kamaygan.
Mualliflarning ta’kidlashicha, baholar ish beruvchilar va magistraturaga qabul uchun kamroq ishonchli ko‘rsatkichga aylanmoqda. Agar diplom talabalar haqiqiy ko‘nikmalarini emas, balki sun’iy intellekt yordamida bajarilgan ish sifatini aks ettirsa, universitet baholash tizimi kadrlarni saralash vositasi sifatida o‘z qiymatini yo‘qotadi.
Agar talabalar yozish, tahlil qilish va dasturlash ko‘nikmalarini mustaqil ravishda kamroq bajarsa, bu sun’iy intellekt ayniqsa kuchli bo‘lgan sohalarda inson kapitalining zaiflashishiga olib kelishi mumkin.
Natijada, sun’iy intellekt o‘qishni yengillashtiradi, ko‘nikmalarni chuqur egallash darajasini pasaytiradi va keyinchalik aynan shu kasblarni mehnat bozorida yanada tezroq avtomatlashtiradi.
Universitetlar yangi baholash usullarini izlamoqda
Mutaxassislar uy vazifalaridan to‘liq voz kechishni real yechim deb hisoblamaydi. Buning o‘rniga, universitetlarga baholash tizimini qayta ko‘rib chiqish tavsiya qilinmoqda: ish jarayonini tushuntirishni talab qilish, loyihalarni og‘zaki himoya qildirish, topshiriq bajarilish bosqichlarini qayd etish hamda sun’iy intellektni nazorat ostida ta’lim jarayoniga integratsiya qilish.
Shuningdek, o‘qituvchilar bunga allaqachon moslasha boshlaganini ham ko‘rsatgan. 2025-yilga kelib, tanlovdagi kurslarning qariyb 63 foizida sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha maxsus qoidalar joriy etilgan.
Avvalroq, Talimxabarlari.uz sayti tomonidan sun’iy intellekt ta’lim sifatini oshirishdagi roli bo‘yicha talabalar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilgandi.
