OTMga qabul boshlanishiga 15 kun qoldi: abituriyentlar nimalarni bilishi kerak?

OTMga qabul boshlanishiga 15 kun qoldi: abituriyentlar nimalarni bilishi kerak?

2026-yilgi OTMlarga qabul uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish 5-iyundan boshlanadi. Abituriyentlar bu yil ham ikki bosqichli tizim asosida hujjat topshiradi: avval test, keyin esa yo‘nalish tanlanadi. Quyida qabul jarayoniga oid eng muhim ma’lumotlarni jamladik.

 

2024/2025-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari Prezident farmoniga muvofiq yangi tartibda – “avval test, so‘ng tanlov” tamoyili asosida ikki bosqichda amalga oshirilmoqda.

 

Birinchi bosqich — test uchun ro‘yxatdan o‘tish

 

Abituriyentlar 5-iyundan 25-iyunga qadar test sinovlarida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tadi.

 

Bu bosqichda ular:

 

— fanlar majmuasi;

— ta’lim tili;

— test topshirish hududi;

— agar mavjud bo‘lsa, kasbiy (ijodiy) imtihon topshiriladigan OTMni tanlaydi.

 

Test sinovlari iyul–avgust oylarida o‘tkaziladi.

 

Ikkinchi bosqich — OTM va yo‘nalish tanlash

 

Test sinovlari yakunlangach, abituriyentlarga 15 kun muddat beriladi.

 

Shu davrda ular to‘plagan balidan kelib chiqib:

 

— oliy ta’lim muassasasi;

— bakalavriat yo‘nalishi;

— ta’lim shaklini tanlaydi.

 

Testlar qanday baholanadi?

 

Joriy yilda ham test sinovlari 5 ta fan va 90 ta savoldan iborat bo‘ladi. Maksimal ball — 189.

 

Majburiy fanlar:

— ona tili — 10 ta savol;

— matematika — 10 ta savol;

— O‘zbekiston tarixi — 10 ta savol.

 

Har biri 1,1 balldan baholanadi. Jami — 33 ball.

 

Mutaxassislik fanlari:

1-fan — 30 ta savol × 3,1 ball = 93 ball;

2-fan — 30 ta savol × 2,1 ball = 63 ball.

Jami — 156 ball.

 

Sertifikat bor abituriyentlarga qanday imtiyoz beriladi?

 

Fanlar majmuasida chet tili mavjud bo‘lgan yo‘nalishlarda milliy yoki xalqaro sertifikatga ega abituriyentlarga imtiyoz beriladi.

 

— B1 darajadagi sertifikat uchun maksimal ballning 75 foizi;

— B2 va undan yuqori daraja uchun maksimal ball beriladi.

 

Amal qilish muddati tugamagan sertifikatlar qabul qilinadi.

 

Umumta’lim fanlaridan milliy sertifikatga ega abituriyentlarga OTMlarning bakalavriatiga kirish test sinovlarida quyidagi tartibda ball beriladi:

 

— A+, A darajali sertifikat uchun — tegishli mutaxassislik fanidan maksimal ball;
— B+, B, C+, C darajali sertifikat uchun — tegishli mutaxassislik fanidan proporsional ball;
— A+, A, B+, B, C+, C darajali sertifikat uchun — tegishli majburiy fandan maksimal ball.

 

SAT xalqaro imtihoni natijalari ham OTMga kirishda inobatga olinadi.

 

Vazirlar Mahkamasining 578-son qaroriga ko‘ra, SAT imtihonida kamida 1200 ball va undan yuqori natija olgan abituriyentlar matematika va ingliz tili fanlari mos keladigan bakalavriat yo‘nalishlariga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi. Batafsil bu yerda

 

Abituriyentlar uchun OTMga kirishda tan olinadigan chet tili sertifikatlar ro‘yxati bilan bu yerda tanishib chiqishingiz mumkin: Batafsil bu yerda

 

O‘tgan yilgi o‘tish ballarini qanday bilish mumkin?

 

Abituriyentlar @mandat_javobbot orqali 2025-yilgi o‘tish ballari, OTMlar va ulardagi yo‘nalishlar ro‘yxati bilan tanishib chiqishlari mumkin bo‘ladi.

 

Shuningdek, ushbu bot orqali abituriyentlar uchun maxsus tayyorlangan diagnostik testlarni ham ishlash mumkin.

 

Davlat OTM yo‘nalishlari ro‘yxati va ularga mos test sinovi (kasbiy (ijodiy) imtihon) topshiriladigan fanlar majmuasi – Faylni yuklash

 

2026/2027-o‘quv yili qabuli kirish test sinovlarida abituriyentning bilimini baholash uchun javoblar varaqasi namunasi – Faylni yuklash

 

O‘qishga ikkinchi va undan keyingi marta topshirayotgan abituriyentlar joriy yilgi imtihonlar uchun qancha to‘lov qiladi? — Batafsil bu yerda