Samarqand viloyati Oqdaryo tumani 2-son ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 10-sinf o‘quvchisi o‘zi o‘qimoqchi bo‘lgan sohada kerak bo‘ladigan fanlardan milliy sertifikatlarni olib, muddatidan avval talaba bo‘ldi.
Samarqand viloyati Oqdaryo tumani 2-son ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 10-sinf o‘quvchisi Iskandarova Sarvinoz Samandar qizi muddatidan avval talaba bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Xususan, u fizikadan A, matematika A, ona tili va adabiyot B, tarix C+ darajali milliy sertifikatlarni olgan.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va kelajakdagi rejalari haqida suhbatlashdi.
“Matematika faniga mehrim kichikligimdan boshlangan”
Sarvinozning aytishicha, matematika faniga mehri bolalikdan boshlangan.
“Men kichikligimdan matematika faniga mehr qo‘yganman. Bu fanga mehr qo‘yishimda ham ustozim, ham tog‘am Ro’ziyev Murodjon ustozning xizmati katta. Tog‘am O‘zbekiston Milliy universitetida tahsil olganlar. Shu sabab men ham bu universitetda o‘qishni niyat qilganman”, — deydi u .
Vaqt o‘tishi bilan o‘quvchi turli sertifikatlar olib nufuzli universitetlarda o‘qiyotgan yoshlarni ko‘rib, u ham shular qatoridan bo‘lishni xohlagan.
“Men Samarqand viloyatidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 10-sinfida tahsil olyapman. Bizning maktabimizda milliy va xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritib, yurtimiz va dunyoning nufuzli universitetlariga muddatidan oldin grant asosida qabul qilingan o‘quvchilar bor edi. Ularga havas qilib menda ham muddatidan oldin talaba bo’lish istagi uyg‘ondi”.
“O‘qituvchilarimning hissasi beqiyos”
U sertifikat olish jarayonida ustozlarining mehnatini yuqori baholaydi:
“Bu istagimni amalga oshirishda o‘qituvchilarim menga katta yordam berishdi, o‘z bilim va mehnatlarini ayashmadi. Bu darajaga yetishishimda ularning o‘rni katta va ularga katta minnatdorlik bildiraman”.
Sarvinoz ziyoli oilada tug‘ilgan bo‘lib, ilmga havasi bolalikdan boshlangan. Uning aytishicha, matematika faniga qiziqish bobosi va tog‘asi sabab paydo bo‘lgan.
“Onam tomondan ham dadam tomondan ham sulolamiz o‘qituvchilar sulolasi bo‘lishgan. Shu bois, menda ilmga havas bolalikdan boshlangan. Matematika faniga qiziqishim uyg‘onishida bobom va tog‘amning hissalari katta. Bobom matematika fanidan saboq berganlar hozir nafaqada, tog‘am esa ham ustozim meni kichikligimdan matematika faniga qiziqtirardi. Ularnikiga mehmonga borsam yoki mehmonga kelganlarida menga turli qiziqarli masalalar berardi. Bu masalalarni yechganimda ich-ichimdan juda quvonardim. Kelajakda men ham ulardek xalqaro va milliy sertifikatlar sohibi bo‘lishni orzu qilib tayyorlanishni boshlaganman”.
U matematika fanidan birinchi sertifikatini 9-sinfda qo‘lga kiritgan.
“Fizika fanidan tayyorgarlik 2 yil davom etdi. Bunda ustozlarim To‘lqinov Zafar, Ochilov Kamoliddin, Pardayev Jasurlarning mehnati katta. Ayniqsa, To‘lqinov ustoz milliy sertifikat misol va masalalari bilan ishlash bo‘yicha muhim yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatdi”, — deydi Sarvinoz .
Ona tili fanidan sertifikat olishida esa ham onasining hissasini alohida ta’kidlaydi:
“Ona tili fanidan sertifikatni qo‘lga kiritishimda onamning hissalari bor. Onam ona tili va adabiyotdan saboq beradilar, shu sababli bu fandan alohida vaqt ajratib tayyorgarlik ko‘rmadim. Chunki oilaviy muhitimiz kitobga mehr, so‘z olami sehriga yo‘g‘rilgan holatda o‘tgan. Shu o‘rinda, tarix fanidan sertifikat olishimda ustozim Nasimova Umidaning xizmatlari beqiyos. Ustozimning talabchanligi va kuchli bilimi tufayli bir oy tayyorgarlikdan so’ng milliy sertifikatni qo’lga kiritishga muvaffaq bo‘ldim”, — deydi Sarvinoz.
“Har bir inson o‘z ustida tinimsiz shug‘ullanishi kerak”
Sarvinoz o‘quv jarayonidagi qiyinchiliklarni ham ochiq bayon qiladi:
“Men dastlab nazariya bilan ustozlarim yordamida to‘liq tanishishga harakat qilardim, so‘ng mavzu bo‘yicha testlar bilan ishlardim. Muammoli qismlarini qaytadan o‘zlashtirishga harakat qilib, qo‘shimcha shug‘ullanardim. Barcha fanlardan sertifikat savollari men kutganimdan ancha qiyin edi. Har bir inson o‘z ustida tinimsiz shug‘ullanishi va o‘zini rivojlantirishga harakat qilishi kerak. Agar hozir o‘zingizdan ko‘nglingiz to‘lib ishlashdan to‘xtasangiz, shu vaqtdan boshlab rivojlanishdan to‘xtaysiz”, — deydi u .
“Tongda dars qilish eng samarali vaqt”
Suhbat davomida u kunlik tartib va vaqtni boshqarish haqida ham so‘z ochdi:
“Men odatda kun bo‘yi maktab va to‘garaklarda bo‘lardim va shu sababli saharda turib dars qilardim. Menimcha, bu vaqt dars qilish uchun eng samarali vaqt. Chunki inson ham ruhan, ham jismonan eng tetik payti bo‘ladi. Boshida tongda dars qilish qiyin bo‘ldi, kun bo‘yi charchab yurardim. Biroq, keyinchalik bu o‘z samarasini bera boshladi va men asta-sekin ko‘nikib ketdim”.
“Har qanday muvaffaqiyat ortida kurash bor”
Sarvinoz muvaffaqiyatga erishish yo‘lida uyqusiz tunlar va qiyinchiliklarga duch kelganini ta’kidlaydi:
“Har qanday jarayonda tushkunlik bo‘ladi. Ba’zan oilaviy va turli ko‘ngilochar tadbirlardan voz kechishimga to‘g‘ri kelardi. Ba’zan ikkita fanni bir vaqtda o‘zlashtirganim uchun qiyinchiliklarga duch kelardim. Ammo bunday vaziyatlarda oilam, ayniqsa dadam menga har qanday vaziyatda ham yengilmaslikni aslida nima uchun boshlaganimni eslatib turardi. Sertifikat olganimdan so‘ng, bu qiyinchiliklarning barchasi esimdan chiqib ketdi va mashaqqatlar natijaga arzishini tushunib yetdim. Bugungi kundagi muvaffaqiyatlarim uchun ota-onamga katta rahmat aytaman”, — deydi u.
“Test ishlashda shoshilmaslik muhim”
“Avvalo har qanday fanni ilk boshlagan o‘quvchiga ham o‘zining darajasidan kelib chiqib test ishlashni mashq qildirib borish kerak. Masalan, birorta mavzuni o‘tgandan keyin milliy sertifikatda tushgan va shu mavzuga oid bo‘lgan savollar bilan tanishtirish kerak. Shunda o‘quvchi testda bu mavzuga doir savol kelsa ortiqcha qiynalmaydi. Hamma mavzularni o‘tib bo‘lgandan so‘ng, umumiy test bilan kamroq vaqt shug‘ullansa ham kam xato qiladigan bo‘ladi”.
Shuningdek, Sarvinozda shaxsiy telefoni yo‘qligini va bu har qanday o‘quvchini chalg‘itishini bildirdi.
“Maqsad sari harakat va izlanish”
Sarvinoz boshqa o‘quvchilarga qo‘ygan maqsadlari yo‘lida harakat qilishlarini va eng muhimi nima uchun bu yo‘lni boshlaganlarini unutmasliklarini maslahat berdi:
“Inson oldiga qo‘ygan har qanday maqsad yo‘lida qattiq harakat qilishi va natija uchun ba’zida keraksiz narsalarni qurbon qilishi kerak. Inson har doim nima uchun shu harakatni boshlaganini o‘ziga eslatib turishi, natijaga erishsa nimalar sodir bo‘lishi haqidagi fikr yuritishi kerak. Albatta, bu unga motivatsiya bo‘ladi”, — deydi u .
Sarvinozni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, Sirdaryoda 5 ta fandan sertifikat olgan 10-sinf o‘quvchisi Shabnam Axmetova bilan suhbatlashgan edik.
