Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi 4-umumiy oʻrta taʼlim maktabining 11-sinf oʻquvchisi Abdullayev Mirfayzbek Sirojiddin oʻgʻli maksimal 189 ball bilan muddatidan oldin talaba boʻldi. U tegishli barcha fanlardan – matematika A, tarix A, ona tili A daraja va ingliz tilidan B2 sertifikatini qoʻlga kiritgan.
Mirfayzbek asosiy fanlaridan A darajali milliy sertifikat olish bilan birgalikda, majburiy fanlardan ham A olgan kam sonli oʻquvchilardan hisoblanadi. U Talimxabarlari.uz saytiga bergan intervyusida ushbu natijaga qanday erishgani haqida soʻzlab berdi.
“Tarix fanidan esa mutlaqo oʻzim tayyorlandim, oʻquv markazlar «natija uchun kamida 3 oy kerak” deyishgandi»
Mirfayzbekning soʻzlariga koʻra, u asosiy fanlari boʻlgan ingliz tili va matematikadan qoʻshimcha kurslarga borgan boʻlsa, ona tili va tarix fanlarini oʻzi mustaqil oʻrgangan. Faqat ona tili imtihoniga maktabdagi oʻqituvchisi bilan birga tayyorgarlik koʻrib, darsdan tashqari qoʻshimcha shugʻullangan.
Qiziqarli jihati shundaki, u ona tilidan 1 oy kuchli tayyorlanib, A darajani qoʻlga kiritgan.
“Tarix fanidan esa mutlaqo oʻzim tayyorlandim, oʻquv markazlarida «natija uchun kamida 3 oy kerak” degan javobni oldim. Lekin 3-yildan beri zakovat musobaqalarida qatnashib kelaman, mantiq sohasida har hafta savollarni oʻynaymiz. Mana shu yillar davomida tarixdan ancha bilim yigʻilgan edi. Ona tili va tarixdan olishimga zakovatdagi ishtirokim sabab desam, adashmagan boʻlaman. Chunki zakovatdagi savollar mantiqni, tanqidiy fikrlashni shakllantiradi. BMBA oxirgi imtihonlarda mantiqan topish mumkin boʻlgan savollarni ham kirityapti, bu yaxshi yondashuv, sababi yodlashdan koʻra fanni tushunish muhim deb oʻylayman», — deydi Mirfayzbek.
“Matematikadan B+ olganimda, qayta imtihonga kirmasdim”
Mirfayzbekning taʼkidlashicha, u faqatgina matematika fanidan ikkinchi urinishda A natijani qoʻlga kiritgan boʻlsa, qolgan barcha fanlardan bir martadan imtihonga kirgan. U matematikadan birinchi imtihonida B natijani olgan, bu yetarli boʻlmasligini tushungan holatda, yana qoʻshimcha tayyorgarlik koʻrib, ikkinchi marta imtihonga kirib, A natijaga erishgan.
“Matematikadan birinchi marta dekabrda imtihon topshirgandim, B natija oldim. Shu B natija chiqqani ham yaxshilikka xizmat qildi deb oʻylayman. Agar yuqoriroq 29 ta savolni yopib beradigan B+ natija chiqib qolganda, balki mart oyida imtihon topshirmagan boʻlardim va hozir 189 ballim boʻlmasdi deb oʻylayman”, — deydi oʻquvchi.
“Ustoz uni toʻgʻri yondashuv asosida tushuntirsa muammo boʻlmaydi”
Mirfayzbekning soʻzlariga koʻra, har bir fanning oʻziga yarasha qiyinchiliklari bor. Lekin ustoz toʻgʻri yondashuv asosida tushuntirsa, qiyinchiliklar bartaraf boʻladi.
Mirfayzbek 10-sinfligida ingliz tilida B2 darajani qoʻlga kiritgan va bu natija uchun 9 oy ketganligini eslab oʻtdi. Uning soʻzlariga koʻra, natija uchun tizimli va davomli harakat kerak.
U har bir vaqtdan unumli foydalanishga harakat qilgan va vaqtini eng yaxshi natija uchun toʻgʻri boshqargan.
«Matematikadan darsimi haftada 3 kun boʻlsa ham, har kuni guruhdoshlarimiz bilan boʻsh xonalarda tayyorlanar edik. Ayrim paytlar yakshanba kuni ham borishga toʻgʻri kelgan. Tushlik vaqtiga ham vaqtimiz ketmasin deb oʻquv markazimizni oshxonasida birga ovqatlanib, misollarni muhokama qilardik. Aslida bir kunda 10 soatdan ham koʻproq shugʻullanganmiz. Ona tilidan yoʻl-yoʻlakay oktyabr noyabrda tayyorlanib, sertifikat olgan boʻlsam, tarixdan aprelda oldim, — deydi Mirfayzbek.
Mirfayzbek ushbu natijaga erishishida maktab rahbariyati, shuningdek, ustozlarining ham oʻrni katta ekanligini taʼkidladi. Maktabda bilimli yoshlar har doim qoʻllab-quvvatlanishini, ularga barcha imkoniyatlar yaratilib berilishini eslab oʻtdi.
“Oʻtgan yili maktabimizdan bir oʻquvchi 189.0 ball olgandi, shunga qiziqib koʻpchilik harakat qildik. Bu yil muddatidan oldin 189 ball olganlar sinfimizda 2 nafar, BMBA imtihonlariga kirib 189 qilish imkoniyati borlar ham talaygina. Bunday muhitni yaratishda, qoʻllab quvvatlashda direktorimiz Hilola Rajabova boshchiligidagi barcha ustozlarning samarali mehnati, Sojida ustoz Xolboyevaning bergan toʻgʻri maslahatlar va ota-onamning ishonchi muhim ahamiyatga ega deb bilaman”, — deydi oʻquvchi.
Mirfayzbek 189 ballni olish, oʻzi xohlagan universitetga kirish hech qachon uning oxirgi maqsadi boʻlmagan, oliy taʼlimni shunchaki bir vosita deb bilishini taʼkidlab oʻtdi. Koʻproq oʻrganish, tanlagan sohasida koʻproq networking qilishda oliy taʼlim muhim ahamiyat kasb etadi. U oʻqishga kirgandan keyin ham yaxshi oʻqib, oʻz sohasida kerakli kadr boʻlishni oʻz oldida maqsad qilgan.
Mirfazybekning oʻqish va ishlariga rivoj tilaymiz.
