Toshkent viloyati, Zangiota tumani, 12-maktab 11-sinf oʻquvchisi Bahodirova Shahrizoda 2025/2026-oʻquv yilida oʻz bilimini sinab, IELTS 6,5 ball, Tarix A+, Matematika B va Oʻzbek tili va Adabiyoti A sertifikatlarini qoʻlga kiritdi. U “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya” universitetiga hujjat topshirmoqchi. Shahrizoda sertifikatga tayyorgarlik jarayonini qanday boshqarish, qaysi metodlardan foydalanganini va muvaffaqiyatga erishish sirlarini suhbatimiz davomida ochiqladi.
Dastlabki qadamlar
Shahrizodaning qiziqishlari 1-sinflikdan boshlab, onasining turli fan toʻgaraklariga yoʻnaltirishi orqali boshlangan.
“1-sinflik paytimdayoq onam turli fanlarga qiziqtirgan. 9-sinfdan esa sertifikatlar uchun chuqurlashtirilgan tayyorgarlikni boshladim,” – deydi u.
Ingliz tilida IELTS 7+ maqsad qilgani sababli koʻproq vaqt shu fan uchun ajratgan, lekin boshqa fanlar ham tayyorgarlik jarayonida yordam bergan.
“Ingliz tilini onam bilan uyda, otam bilan esa rus tilida mashq qilardim. Har bir kunni samarali oʻtkazish eng muhim narsa edi,” – deydi oʻquvchi.
Shahrizoda fikricha, muvaffaqiyatga erishish uchun qoʻllab-quvvatlov va erta boshlash muhim.
Fanlarni bir-biriga bogʻlab oʻrganish – haqiqiy sir
Shahrizoda fanlarni mavzular boʻyicha bir-biri bilan bogʻlash va toʻxtamaslikni eng samarali usul deb biladi.
“Fanlarni alohida oʻrganish oson, lekin ular orasidagi bogʻlanishni tushunish – haqiqiy bilim,” – deydi u.
Tayyorgarlikda abituriyentimizga quyidagilar yordam bergan:
– Ingliz tili: Uyda onasi bilan mashqlar, IELTS tayyorgarlik materiallari va onlayn platformalar;
– Tarix, matematika va oʻzbek tili: Maktabdagi ustozlar va mustaqil test mashqlari.
“Tayyorgarlikda qanchalik qiyin boʻlsa, test jarayonida shunchalik oson boʻladi. Men har kunni samarali oʻtkazishga harakat qilardim,” – deydi Shahrizoda.
Shuningdek, u bilimni faqat topshiriq uchun emas, haqiqiy oʻrganish maqsadida olishni tavsiya qiladi.
Maktabdagi yordam va psixologik tayyorgarlik
Shahrizoda maktabdagi sharoit va ustozlarning yordami muvaffaqiyatga katta hissa qoʻshganini aytadi.
“Maktabimiz sertifikat savollarini tahlil qilish va fan boʻyicha bilimlarimizni mustahkamlashda katta yordam berdi. Ustozlarimga chuqur minnatdorchilik bildiraman,” – deydi u.
Psixologik jihatdan esa onasi eng katta yordam boʻlgan.
“Shunday paytlarda maqsadingizga oz qadam qolganini oʻylasangiz, qiyinchiliklar oʻtib ketadi. Uyqu rejimi men uchun eng qiyin boʻlgan, lekin toʻxtamaganman” – deydi u.
Shuningdek, “Shunchaki omad” degan soʻzni lugʻatimizdan oʻchirib tashlab, oʻqish kerakligini, har kunni samarali oʻtkazish – haqiqiy muvaffaqiyat ekanligini taʼkidlaydi.
Har soniya hisobda: Vaqt boshqaruvi, gadjetlar va tengdoshlar uchun maslahatlar
Shahrizoda vaqtni boshqarish va ijtimoiy tarmoqlarni nazorat qilishning muhimligini taʼkidlaydi.
“Oʻz telefonim yoʻq, lekin fanlarni oʻrganish uchun internetni maqsadli ishlatdim. Muhimi – maqsadga eʼtibor qaratish,” – deydi u.
Tengdoshlariga esa quyidagicha maslahat beradi:
“Sertifikat olishni emas, bilim olishni maqsad qiling!”
Hozirda u IELTS ballini yangilash va rus tilini mukammal oʻrganish bilan band. Shahrizodaning tajribasi shuni koʻrsatadiki, muvaffaqiyatga erishish uchun rejali ishlash, vaqtni toʻgʻri boshqarish, samarali manbalar va psixologik tayyorgarlik birgalikda ishlashi kerak.
“Agar siz qatʼiyatli boʻlsangiz va bilimga eʼtibor qaratadigan boʻlsangiz, yuqori natijalarga erishishingiz mumkin,” – deydi oʻquvchi.
