Fargʻona viloyatida oʻqituvchining voyaga yetmagan qizga nisbatan shilqimlik qilgani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan MMTB rasmiy munosabat bildirdi. Qayd etilishicha, holat boʻyicha sud tomonidan huquqiy baho berilgan va pedagogga nisbatan intizomiy chora qoʻllanilgan.
Xabar berganimizdek, ijtimoiy tarmoqlarda “Fargʻona viloyatida oʻqituvchi voyaga yetmagan qizga nisbatan shilqimlik qilgani uchun 5 sutkaga qamaldi” mazmunidagi xabarlar tarqalgan edi.
Mazkur xabarlarda Jinoyat ishlari boʻyicha Rishton tuman sudi tomonidan maktab oʻqituvchisi Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 41-1-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilgani hamda unga nisbatan maʼmuriy jazo tayinlangani qayd etilgan.
Ushbu holat yuzasidan Fargʻona viloyat MMTB rasmiy munosabat bildirdi.
Unga koʻra, voyaga yetmagan oʻquvchilarning shaʼni, qadr-qimmati, daxlsizligi va xavfsizligini taʼminlash taʼlim tizimidagi eng ustuvor vazifalardan biri hisoblanishi, taʼlim muassasasi jamoasi har qanday nooʻrin xatti-harakatlarni qatʼiyan qoralaydi hamda pedagog odobi va kasb etikasi talablariga zid boʻlgan holatlarga nisbatan murosasiz munosabatda boʻlishi taʼkidlangan.
Maʼlum qilinishicha, mazkur holat yuzasidan vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda surishtiruv ishlari olib borilgan va sud tomonidan tegishli huquqiy baho berilgan.
Shuningdek, mazkur holat taʼlim muassasasining navbatdan tashqari pedagogik kengashida atroflicha muhokama qilingan.
“Muhokama yakunlariga koʻra, pedagog xodim tomonidan amaldagi ichki tartib-qoidalar hamda pedagogik faoliyatning axloqiy-meʼyoriy talablari buzilgani inobatga olinib, ish beruvchi tomonidan unga nisbatan tegishli intizomiy chora qoʻllanilganini bildiramiz” — deydi rasmiylar.
Qoʻshimcha ravishda mazkur xodim ayni vaqtda oila qurmagan boʻlib, xabarlarda tilga olingan voyaga yetmagan qiz ushbu oʻqituvchi faoliyat yuritayotgan taʼlim muassasasida tahsil olmasligi bildirilgan.
“Taʼlim tizimida oʻquvchilar manfaatlari, ularning xavfsizligi va huquqlari doimo ustuvor hisoblanadi. Shu bois bu kabi holatlarga nisbatan qonun doirasida qatʼiy choralar koʻriladi” — deyiladi xabarda.
Avvalroq, Yuqori Chirchiqda oʻquvchisiga shilqimlik qilgan maktab direktori ishdan olingani haqida xabar bergan edik.
