Fargʻona viloyatida oʻqituvchi voyaga yetmagan oʻquvchi qizga nisbatan shilqimlik qilgani uchun 5 sutka maʼmuriy qamoqqa hukm qilindi. Sudda oʻqituvchi aybini tan olib, yozishmalarni tasdiqlagan.
Fargʻona viloyatida oʻqituvchi voyaga yetmagan oʻquvchi qizga nisbatan shilqimlik qilgani uchun 5 sutkaga qamaldi. Bu haqda NeMolchi.uz xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 2026-yil 30-aprel kuni Jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona viloyati Rishton tumani sudi 53-sonli maktab oʻqituvchisi D.I. ni MJtKning 41-1-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topgan.
Ish materiallariga koʻra, voqea 1-aprel kuni sodir boʻlgan. 26 yoshli D.I. jabrlanuvchi oʻqiydigan maktabda oʻqituvchi boʻlib ishlagan. U tunda qizga Telegram orqali nomaqbul xabarlar yozgan. Oʻqituvchining oʻzi aybiga iqror boʻlib, yozishmalar boʻlganini tasdiqlagan va xatosini tushunib yetganini maʼlum qilgan. Jabrlanuvchi va uning onasi unga nisbatan qonuniy choralar koʻrishni soʻrashgan.
Sud erkakni aybdor deb topgan va oʻqituvchiga 5 sutka maʼmuriy qamoq jazosini tayinladi.
“Shu bilan birga, ish faqat maʼmuriy doirada qolgan. Jabrlanuvchi 16 yoshdan oshgani sababli, Jinoyat kodeksining 129-moddasi (uyatsiz-buzuq harakatlar) boʻyicha jinoiy javobgarlik kelib chiqmagan. Rasman, maʼmuriy qamoq jazosini oʻtab boʻlgach, agar alohida kadrlar yoki intizomiy qarorlar qabul qilinmasa, bu shaxs taʼlim tizimida ishlashni davom ettirishi mumkin” — deyiladi xabarda.
Holat yuzasidan Fargʻona viloyat MMTB bilan bogʻlandik, lekin hozircha hech qanday rasmiy munosabat bildirilmadi.
Avvalroq, Yuqori Chirchiqda oʻquvchisiga shilqimlik qilgan maktab direktori ishdan olingani haqida xabar bergan edik.
